O‘zbekiston hukumati 2022 yil 1 aprelga qadar tovuq tuxumi eksportiga taqiq o‘rnatdi. Bu haqdagi qaror Vazirlar Mahkamasining 16 dekabrdagi majlisi bayonnomasida qabul qilingan (qaror nusxasi «Gazeta.uz»da mavjud).

Bu haqda 5 yanvar kuni huquqshunos va bloger Bahodir Ahmedov ham xabar qilib, tuxum mahsulotlari eksportini 1 aprelgacha vaqtinchalik to‘xtatib turish taklifi qo‘llab-quvvatlangani aytilgan hujjat fotosuratlarini e’lon qilgan edi.

Hujjatga ko‘ra, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki iste’mol bozorlarida narxlarni barqarorlashtirish maqsadida tuxum eksportini vaqtincha to‘xtatish tashabbusi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan kiritilgan.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati O‘zbekistonda tuxum eksportiga og‘zaki yoki yozma ravishda taqiq joriy qilinmaganini ma’lum qildi.

«Tuxum import qiluvchi mamlakatlarning me’yor va qoidalariga muvofiq, tuxum eksport qiluvchi tadbirkorlarga nisbatan qo‘mita tomonidan hech qanday cheklovlar joriy etilmagan. Tuxum eksporti bilan bog‘liq jarayonlarga qiziqqan tadbirkorlar, jurnalistlar va blogerlar „Parrandasanoat“ uyushmasidan 71−271−64−26 telefon raqami orqali batafsil ma’lumot olishlari mumkin», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Tuxum eksporti to‘xtatilganini Samarqand va Namangan viloyatlaridagi uchta fermer xo‘jaligi «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi Dargʻom Parranda Fayz korxonasi cheklov faqat iste’mol uchun mo‘ljallangan tuxumlarga taalluqli ekanini, inkubatsiyadan chiqqan naslchilik tuxumlarini eksport qilish davom etayotganini ma’lum qildi.

Sardor Bahrom Zoo fermer xo‘jaligi rahbari Bahrom Inomov eksport taqiqlangani sababli bir qator muammolarga duch kelganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u taqiq haqida Afg‘onistonga tuxum yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzmoqchi bo‘lgan vaqtida, «Parrandasanoat» uyushmasidan rad javobini olganida xabar topgan.

Tadbirkorning aytishicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ichki bozorda tuxumga bo‘lgan talabni to‘liq qoplash bilan birga, mahsulotining bir qismini eksportga ham yo‘naltirmoqda.

«Ishlab chiqarilayotgan tuxumning 20 foizini eksport qilaman. Eksportni to‘xtatib, bu ichki bozorga yordam berishini aytishdi, lekin bu unga zarar yetkazishi mumkin. Ertaga foyda qilmasak va ishlab chiqarilgan mahsulot hajmini sota olmasak, tuxum qo‘yadigan tovuqlarning bir qismini so‘yish uchun jo‘natishimiz mumkin. Buni omborda saqlab bo‘lmaydi, tovuqlar sonini qisqartirishga to‘g‘ri keldi», — dedi u.

Fermer allaqachon parrandalar sonini kamaytirishga kirishganini, inkubatorlardan birini so‘yishga jo‘natganini ma’lum qildi.

«Kuniga 6 ming fleyka tuxum ishlab chiqaramiz. Bugungi kunda omborda 50 ming qadoq tuxum saqlanadi. 30 ga ko‘paytirilsa, 1,5 million tuxum bo‘ladi. Men buni ichki bozorda sota olmayman», — dedi u.

Bahrom Inomovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston tuxumni faqat Afg‘onistonga eksport qiladi, chunki mahsulotlar MDH mamlakatlari talablariga javob bermaydi.

Sardor Bahrom Zoo rahbari hozirda eksport shartnomasi tuzgan afg‘onistonlik hamkori oldida bajarilmagan majburiyatlar yuzaga kelganini qayd etdi. «Kelishuvga rioya qilinmayotganligi sabab kelgusida hamkorim men bilan ishlashni istamaydi», — dedi u.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Progress Parranda korxonasining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, korxonada kuniga o‘rtacha 55 ming dona tuxum ishlab chiqarilib, uning yarmi Afg‘onistonga yetkazib beriladi. Biroq eksport cheklovlari tufayli kompaniya tuxumni deyarli tannarxida sotishiga to‘g‘ri kelmoqda.

«Kecha narxlarni pasaytirdik. Bugun ham. Bungacha 1050−1100 so‘mdan sotib kelayotgan edik, hozir esa — 900 so‘m. Samarqandda hatto 800 so‘mdan sotishmoqda. Omborlarda mahsulot to‘planib qolganligi sababli tannarxida sotishga majbur bo‘lishmoqda. Boshqa tadbirkorlar ham shu sabab aziyat chekmoqda», — deya ma’lum qildi Progress Parranda korxonasi.

Korxona vakillarining ta’kidlashicha, ko‘plab tuxum ishlab chiqaruvchilar kredit olishgan, ammo tuxum narxi keskin tushib ketgani sababli ularda qarzlarini to‘lay olmaslik xavfi mavjud.

Progress Parranda korxonani yopish va boshqa biznesga o‘tish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida tuxum narxlari 11,2 foizga, noyabrda 5,6 foizga oshgan, dekabrda esa 0,3 foizga arzonlagan. O‘tgan yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda 5,5 milliard dona tuxum yetishtirilgan.

Xabar e’lon qilingan vaqtda «Gazeta.uz» «Parrandasanoat» uyushmasidan rasmiy izoh ololmadi.