2022 yil Markaziy Osiyo uchun Qozog‘istondagi jiddiy siyosiy inqiroz bilan boshlanmoqda. Suyultirilgan gaz narxlari oshirilishi oqibatida yuzaga kelgan namoyishlar bir necha kun davomida butun mamlakatni qamrab oldi, keyinchalik siyosiy lozunglar paydo bo‘ldi va natijada ommaviy tartibsizliklar, marodyorlik va prezident Qasim-Jomart Toqayevning ODKBdan yordam so‘rashi bilan tugadi.

Har qanday ommaviy namoyishlar sabablari haqida gap ketganda, xalq hech qachon ko‘chaga sababsiz yoki qandaydir yagona muammoni hal qilish uchun chiqmasligini yodda tutish lozim. Gaz narxlarining oshishi, saylovdagi soxtalashtirishlar, politsiya zo‘ravonligi — bularning barchasi namoyishlarga turtki beruvchi omillar, lekin ularning o‘zi jamiyatdagi noroziliklar manbayi bo‘lib xizmat qilmaydi. Shuning uchun, triggerlarning o‘zlari bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rishning foydasi yo‘q.

Namoyishlar, ayniqsa ular bir necha kun davom etadigan bo‘lsa, butun diqqatini ularga turtki bergan mavzuga qaratishni to‘xtatib, yanada tizimli bo‘lib boradi va masalalar ko‘lamini kengaytiradi. Bunday vaziyatda iqtidordagi hokimiyatning norozilik kayfiyatlari bilan qanchalik samarali ishlashiga ko‘p narsa bog‘liq. Har qanday chalkashlik yoki shoshqaloqlik bilan qabul qilingan qaror vaziyatni keskinlashtirishi mumkin. Bo‘lib o‘tayotgan voqealarda namoyishchilarning o‘zlari ham mas’ul bo‘lishadi. Nazorat qilib bo‘lmaydigan agressiyaning oldini olish va namoyishlarga radikallarni yaqinlatmaslik muhim. Vanihoyat, ikkala tomon ham kompromiss zaiflik timsoli emas, aksincha pragmatik kuchning namoyon qilinishi ekanligini tushunishlari lozim.

Qozog‘istonda suyultirilgan gaz narxlari bo‘yicha norozilikdan hukumat iste’fosini talab qilishgacha yo‘l juda qisqa bo‘ldi. Toqayev tezkor choralar bilan noroziliklarni tugatmoqchi bo‘ldi, biroq olomon radikallashuvining oldini olishning iloji bo‘lmadi. Vaziyatlarning keyingi rivojlanishi de-fakto ikkihokimlik siyosiy tizimida bo‘lib turgan (har holda kechagi kungacha) Qozog‘istonning barcha zaif tomonlarini namoyon qildi.

Tinch namoyishlarning ommaviy tartibsizliklarga aylanib, ma’muriy binolar yoqilishi, banklar va savdo markazlari o‘marilishi dialogga erisha olmagan jamiyat va hokimiyat o‘rtasida chuqur jarlik borligini bildiradi. Namoyishlarni o‘z atrofida birlashtira oladigan va tartibsizliklarni bartaraf eta oladigan oppozitsiyaning yo‘qligi vaziyat yomonlashuviga olib keldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuchishlatar tizim xodimlari strategik obyektlarni osonlik bilan qoldirib, chekinishgani esa yoki ularning iqtidordagi hokimiyatni himoya qilishni xohlamasligidan yoki aynan o‘sha ikkihokimlikning ichidagi jiddiy kelishmovchilikdan dalolat beradi. Natijada, siyosiy elita inqiroz qarshisida yakka o‘zi qoldi.

Toqayevning o‘zi juda qiyin vaziyatda qoldi. Kun davomida u Nazarboyev rejimidan masofalanishga harakat qildi. Hukumat iste’fosi, Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketishi, Elboshi kadrlarining muhim lavozimlardan haydalishi — bularning barchasi vaqtni yutish va jamiyat oldida ishonch qozonishga yo‘naltirilgan edi. Bu choralarning birortasi ham yetarlicha foyda bermadi, vaziyat esa nazoratdan chiqib ketaverdi. Ma’muriy va strategik obyektlarning birin-ketin qulashini kuzatgan Toqayev so‘nggi choraga yuzlandi — ODKBdan yordam so‘radi. Bu murojaatning legitimligini ta’minlash uchun esa tashqi kuchlar tomonidan moliyalashtirilgan agressiya kabi klassik hikoyadan foydalandi.

ODKB kuchlarining Qozog‘istondagi ichki siyosiy inqirozni bartaraf etish uchun jalb qilinganligi tashkilot tarixidagi birinchi to‘laqonli operatsiya hisoblanadi hamda, ehtimol, Markaziy Osiyo va postsovet davlatlari uchun o‘rtamuddatli istiqbolda burilish nuqtasi bo‘ladi.

Tashqi kuchlarning ichki siyosiy mojarolarga aralashuvi — juda salbiy pretsedent. Hokimiyatning o‘zi tashqi aktorlarni o‘z hududiga olib kelishi esa undan-da yomonroq. Postsovet makonida bunday holatlar ko‘payib bormoqda. Anqara qo‘llab-quvvatlovi ostida Qorabog‘ mojarosini harbiy yo‘l bilan hal qilishni boshlagan Ozarbayjon g‘alabaga bir qadam qolganda to‘xtashga va o‘zining de-yure hududiga Rossiya qo‘shinlarini kiritishga majbur bo‘ldi. Yuqoridagi urushda mag‘lub bo‘lgan Armaniston davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlay olmasligini tan olib, ushbu mas’uliyatni Moskva zimmasiga yukladi. Siyosiy inqirozni boshidan kechirayotgan Ukraina o‘z hududiy yaxlitligini tiklash uchun NATO (Vashington)dan yordam so‘ramoqda. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolish uchun Rossiya bilan integratsiyaning barcha yo‘l xaritalariga imzo qo‘yishga qaror qildi. Endi esa Qozog‘iston o‘z hududiga tashqi kuchlarni chaqirmoqda.

Toqayev rejimni qutqarib qolish va o‘z hokimiyatini mustahkamlashga urinib, jamoatchilik ko‘z oldida o‘zining legitimligiga qattiq zarba bermoqda. Ushbu qaror davlat apparatining inqirozni mustaqil ravishda bartaraf etishga va o‘zining asosiy vazifasi — jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashga qodir emasligini tan olishidir. Hech qaysi jamiyat tashqi kuchlar aralashuvni ijobiy qabul qilmaydi. Ayniqsa bu aralashuv o‘zining siyosiy elitasi murojaati ortidan ro‘y berayotgan bo‘lsa. Mabodo tartibsizliklarni bartaraf etish operatsiyasi siyosiy muxoliflik va fuqarolik faolligini bostirish yo‘lida ham ishlatilsa, hozirda Toqayevda mavjud bo‘lgan credibility ni qaytarish juda qiyin bo‘ladi.

ODKB (ya’ni Rossiya) yordami «bepul» bo‘lmasligi tayin. Hozircha Moskva aniq talablarni qo‘ygani yo‘q, biroq standart talablar allaqachon ma’lum. Bularga Kremlning pozitsiyasini ommaviy ravishda faol qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan Qrimni Rossiyaniki deb tan olish, milliy tashqi siyosat kursining diversifikatsiyasini tugatish, butunlay Rossiya ta’sir zonasi maqomiga o‘tish va siyosiy integratsiya (belarus ssenariysigacha) kiradi. Uzoq vaqtdan beri Nazarboyev soyasidan chiqishni xohlagan Toqayev birdaniga Yevrosiyo soyasiga tushib qolishi mumkin.

Vanihoyat, hozircha Qozog‘istondagi vaziyat qaysi ssenariy bo‘yicha rivojlanishi tushunarsiz. Hozirda postsovet makonida bunday inqirozlarning uchta asosiy ssenariysi mavjud: qirg‘izcha ssenariy — elitalar o‘rtasida hokimiyat uchun permanent urush va davlat to‘ntarishlari hududiga aylanish, ukraincha ssenariy — davlatchilik inqirozi va hududiy yaxlitlikning yo‘qolishi, belaruscha ssenariy — majburiy Ittifoq davlati. Qozog‘iston ushbu uch ssenariylardan biri bo‘ylab ketadimi yoki yangi pretsedent bo‘ladimi (ODKB ishtirokini inobatga olgan holda), hozircha noaniq.

Shunga qaramasdan, Qozog‘iston ushbu siyosiy inqirozdan qanday va qay tarzda chiqishi faqat mamlakatning o‘zi uchun emas, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhimdir. Ichki siyosiy mojaroni hal qilishga ODKBning jalb qilinishi hozircha YeEI (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi) va ODKBga qo‘shilmagan davlatlarga bosimni kuchaytiradi hamda tashqi siyosatda manyovr qilish uchun imkoniyatlarni qisqartiradi. Bundan tashqari, Qozog‘istonning ko‘pvektorlik siyosatidan voz kechishi mintaqaviy hamkorlikni qayta tiklash jarayoniga qattiq zarba beradi. Markaziy Osiyo masalasi kun tartibida yana ikkinchi darajaga o‘tib qolishi, hattoki 2000-yillar o‘rtasidagi kabi yo‘q bo‘lib ketishi xavfi bor.

Vanihoyat, Qozog‘iston pretsedenti mintaqadagi boshqa davlatlarning ichki siyosiy hayotiga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin. Markaziy Osiyo jamiyatlarida noroziliklar yig‘ilib qolgan, tarixda esa namoyishlarning bir norozi jamiyatdan ikkinchisiga ko‘chib o‘tishiga ko‘plab misollar mavjud. Shu sababli, Qozog‘iston qo‘shnilari ichki siyosiy qarorlarni qabul qilishda ehtiyotkor bo‘lishlari, norozilik kayfiyatlari bilan ishlashlari, eskalatsiyaning oldini olishlari, shuningdek jamoatchilik bilan samarali va to‘g‘ri kommunikatsiyani ta’minlashlari kerak.

Asosiysi — barcha muammolarning ildizi ichkaridaligini, tashqi omil esa siyosiy elita jamiyat bilan dialog qilishga qodir bo‘lmagan, shoshqaloqlik bilan qaror qabul qilayotgan va holatni mustaqil ravishda nazoratga olishni udallamayotgan vaziyatda aralashishini unutmaslik lozim.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Yuriy Saruxanyan — xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassisi, «Seriya penalti» Telegram-kanali muallifi.