Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov so‘nggi kunlarda dunyoda «omikron»ning tarqalish geografiyasi kengayib borayotgani, biroq, O‘zbekistonda hali «omikron» aniqlanmaganini ma’lum qildi.

«Yangi shtammning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo‘q emas. Biroq bu holatdan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli yolg‘on va asossiz axborot tarqatish, aholi orasida ortiqcha vahima ko‘tarish, o‘ylaymanki, hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda SSV matbuot xizmati.

Uning ta’kidlashicha, «omikron»dan sog‘ayish muddati qisqa va kasallanganlarda shifoxonalarga yotish ehtimoli past ekani inobatga olinsa, «O‘zbekiston virusning ko‘tarilish xavfiga tayyor».

«Biroq, ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi. Sababi „omikron“ boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkin. Shu bois ayni paytda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidan-da muhim», — dedi Nurmat Otabekov.

Uning fikricha, mamlakatda avval yaxshi samara bergan amaliyotni davom ettirish, jumladan, oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalar orqali «COVID-box» tarqatish, xastalik yengil kechayotgan bemorlarni ambulator sharoitda davolash maqsadga muvofiq. «Bu, o‘z navbatida, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamalar tushishining ham oldini oladi», — dedi SEO rahbari o‘rinbosari.

Avvalroq, JSST COVID`ning yangi shtammini Omikron deb nomlab, uni «xavotirli variant» deb e’lon qilgan edi. Shuningdek, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi hamda Pfizer-BioNTech vaksinasining uchinchi dozasi Omicron`dan himoya qila olishi ma’lum qilingandi.

Bloomberg tahlillariga ko‘ra, 2022 yilda iqtisodiy o‘sish uchun eng yirik xavf-xatarlardan biri «omikron» ham bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.