2022 yil 8 yanvar holatiga O‘zbekiston bo‘ylab 10 mingdan ortiq iste’molchi tomonidan 100 mingga yaqin xarid cheklari keshbek uchun «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Fuqarolarda yig‘ilgan keshbek summasi esa 941 mln so‘mni tashkil etmoqda — har bir iste’molchiga o‘rtacha 94 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

«Buni intizomli soliq to‘lovchilar safi kengayib borayotgani hamda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish ustidan jamoatchilik nazorati kuchaygani bilan izohlash mumkin», — deyiladi xabarda.

Ammo, xarid chekida MXIKlar noto‘g‘ri yoki umuman aks ettirilmaganligi sababli ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammoga duch kelgan fuqarolarning murojaatlari soni ortgan.

Qayd etilishicha, 1 yanvardan MXIK aks ettirilmaydigan cheklarni taqdim etish taqiqlangan, ammo ayrim tadbirkorlik subektlari tomonidan nazorat-kassa texnikalarini yangi talablarga moslashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan.

Buning natijasida 3 mlrd 429,2 mln so‘mlik (shundan 34,2 mln so‘m keshbek) cheklarga (jami ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklarning 12,6 foizi) keshbek summasini hisobga olish rad etilgan.

DSQ ma’lumotiga ko‘ra, endilikda chekda MXIK kodi to‘g‘ri ko‘rsatilgan barcha tovarlar (xizmatlar) uchun keshbek taqdim etiladi. Rad etish to‘liq xarid summasiga (butun chek uchun) emas, balki faqat ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lmagan MXIK kodi ko‘rsatilgan mahsulot (tovar va xizmat)larga nisbatan qo‘llaniladi.

Ma’lumot o‘rnida, soliqqa oid huquqbuzarlik to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasi hisobidan 20 foiz miqdorida mukofot to‘lanadi. Mukofot fuqaroning bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» e’lon qilgan xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazish va keshbek olish bo‘yicha qo‘llanma e’lon qilgan edi. Unda shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarlik to‘g‘risida «Soliq» mobil ilovasi orqali qanday xabar berish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, 1 yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini «Soliq» mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi.