O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni keskin ortishi va omikron shtammi qayd etilgani munosabati bilan yakshanba kuni COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatda karantin choralarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

SSV matbuot xizmatining xabar qilishicha, respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani va unga qarshi zarur choralar ko‘rishni qat’iy davom ettirish masalasi muhokama qilingan.

Jumladan, maxsus komissiya qarori bilan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazorat tadbirlari kuchaytirilishi aytilmoqda.

«Bunda, barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, ko‘ngilochar muassasalarning kirish qismida niqobda bo‘lish, ijtimoiy masofani saqlash, tana haroratini o‘lchash amaliyotiga qat’iy rioya etilishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, fuqarolarning Umra ziyoratlaridan qaytishlarida koronavirusga PZR yoki ekspress testni Saudiya Arabistoni hududida o‘zbek tibbiyot xodimlari tomonidan olinishi va manfiy natijasiga muvofiq kirib kelishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, aholini to‘liq emlash va buster doza bilan emlash ishlari jadallashtirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Tashkiliy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ishchilarni ish joylariga kiritishga emlangandan so‘ng ruxsat berilishi ta’kidlangan. Mazkur tartibni buzgan tashkilot rahbarlariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qat’iy chora ko‘riladi.

«Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ta’til davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlash choralari ko‘riladi. Ushbu tadbirlarga OTM rahbarlari shaxsan mas’ul etib belgilanadi», — deya qayd etgan vazirlik matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, maxsus komissiya qaroriga muvofiq, 15 yanvardan boshlab respublikada quyidagi tartib joriy qilinadi:

  • xorijdan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar kelishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichli ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega ma’lumotnoma bo‘lmaganda, aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress test topshirishi shart.

Bundan tashqari, «vazirlik, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalarida mamlakatda amal qilayotgan karantin cheklovlari sharoitida aholi salomatligini ta’minlash, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash maqsadlarini ko‘zda tutib, turli tadbirlar tashkil etish taqiqlandi».