Jizzax viloyatida qalbaki diplom savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.
Xususan, tezkor tadbir davomida Paxtakor tumani Oqbuloq mahallasida yashovchi fuqaroga xaridor 400 AQSh dollari miqdorida pul berib, undan oldindan va’da qilingan diplomni olayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan. Sotuvchi diplomni o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan tumandagi umumta’lim maktabi direktoridan 300 dollarga, u esa, o‘z navbatida, xududdagi kasb-hunar maktabi direktori o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxsdan 200 dollarga sotib olganligi ma’lum bo‘lgan.
Foto: IIV.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida Jizzax shahrining Zargarlik mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro qalbaki diplom va ilovalarni tayyorlab, unga muhr va imzolar bilan ishlov bergani aniqlandi. Ushbu shaxsning yashash manzilidan esa printer hamda kompyuter hujjatlashtirib olingan.
Hozirgi vaqtda to‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.