Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi. Bu prezidentning 12 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-81-son] qarorida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, reyting baholash 5 ta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:

  • davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligi;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
  • davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;
  • xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining samaradorligi.

Reyting baholash tizimi eksperiment tariqasida 2022 yil 1 fevraldan boshlab, o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022 yil 1 iyuldan barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

Foto: Huquqiy axborot kanali/

Reyting baholash «E-Anticor.uz» elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi «yaxshi», «qoniqarli» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratiladi.

Bunda:

  • «yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish tajribasi ommalashtiriladi;
  • «qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi;
  • «qoniqarsiz» deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va faoliyatini yaxshilash chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

«Qoniqarsiz» baholangan tashkilotlar mazkur chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida tegishli rahbarlar hisobot beradi.