AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) O‘zbekistonda ayollarning hunarmandchilik korxonalari va yakka tartibdagi hunarmand ayollarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu maqsadda «Agrobiznesni rivojlantirish» loyihasi doirasida «Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi» (Jamg‘arma) tashkil etilgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Jamg‘arma yakka tartibdagi hunarmand ayollardan 5 mlndan — 50 mln so‘mgacha, ro‘yxatdan o‘tgan hunarmandchilik korxonalaridan esa 50 mlndan — 200 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda yangi texnologiyalarni joriy qilishni qo‘shma moliyalashtirishga qaratilgan arizalarini qabul qilishni boshladi.

USAID xotin-qizlar va yoshlarni boshqaruv, texnik yoki boshqa turdagi rahbarlik lavozimlariga ishga qabul qilishni istagan korxonalar faoliyatini moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratadi. Tanlovga arizalar — 15 fevraliga qadar qabul qilinadi. Tanlov shartlari va ariza ilovasini bu yerdan yuklab olish mumkin.

Xabarda qayd etilishicha, loyihaning maqsadi ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini, ayniqsa, qishloq joylarida faollashtirishdan iborat. USAID 2021 yilda o‘zining Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi orqali o‘zbekistonlik ayollarni ish topish va o‘zining yangi korxonalarini ishga tushirishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgan.

Besh yillik loyiha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun butun qiymat zanjiri bo‘ylab qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida xususiy sektor rivjolanishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.