Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yining 1 mln gektargacha hududlarida cho‘l o‘simliklari ekiladi. Bu haqda tegishli hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2022−2026 yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida «yashil qoplamalar» — himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 500 ming gektar, Buxoro viloyatida 200 ming gektar, Navoiy viloyatida 250 ming gektar va Xorazm viloyatida 50 ming gektar cho‘l o‘simliklari ekiladi.
Ushbu hududlarda 4 yil davomida saksovul, qoraburoq, qandim va cherkez o‘simliklari ekiladi.
«Yashil qoplamalar» — himoya o‘rmonzorlari hajmlari
ming gektarda | ||||||||||
T/r | Hududlar nomi | Jami 2022 — 2026 yillarda | Shu jumladan, yillar bo‘yicha: | Cho‘l o‘simliklari turlari | Shundan ekish usullari bo‘yicha: | |||||
2022 yilda | 2023 yilda | 2024 yilda | 2025 yilda | 2026 yilda | urug‘dan | ko‘chatdan | ||||
1. | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 500 | 100 | 100 | 100 | 100 | 100 | saksovul, qoraburoq, qandim | 475 | 25 |
2. | Buxoro viloyati | 200 | 40 | 40 | 40 | 40 | 40 | saksovul, cherkez | 180 | 20 |
3. | Navoiy viloyati | 250 | 50 | 50 | 50 | 50 | 50 | saksovul, qandim, cherkez | 235 | 15 |
4. | Xorazm viloyati | 50 | 10 | 10 | 10 | 10 | 10 | saksovul | 49 | 1 |
Jami | 1000 | 200 | 200 | 200 | 200 | 200 | x | 939 | 61 |
Orol dengizining qurigan tubidagi tuproq tarkibini inobatga olib cho‘l va sho‘r tuproqqa moslashgan o‘simlik turlari, shu jumladan, qumli yerlarda cherkez hamda sho‘r hududlarda tamariks va atripleks (lebeda) o‘simliklari ekiladi. Shu maqsadda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 5 yil davomida yuqoridagi jadvalda ko‘rsatilgan cho‘l o‘simliklarining jami 3900 tonna urug‘larini tayyorlaydi.
Ushbu hududlardagi «yashil qoplamalar»ni barpo etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari mahalliy budjetlarining prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismi hisobiga ajratiladigan mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining yalpi majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan «Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilingandi.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov 2018 yildan buyon ushbu hududlarda 1,6 million gektar maydonga maxsus cho‘l o‘simliklari ekilganini ta’kidlagan edi.
Uning qayd etishicha, «atigi 1 dona saksovul 4 tonna ko‘chki qumini to‘xtata oladi va bu o‘simlikning 1 gektar maydoni yiliga 1158,2 kg karbonat angidridni o‘zlashtiradi va shu bilan birga 835,4 kg kislorod chiqaradi».