Yaponiyaning JICA tashkiloti O‘zbekistonga «Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash» loyihasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu haqda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Shahriyor Nurulloyev va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktorining birinchi o‘rinbosari Yoshimasa Takemura uchrashuvida aytib o‘tilgan.
«Uchrashuvda loyihaga Yaponiya tomonidan 55,9 mln iyena (490 ming AQSh dollari) ajratilganligi ma’lum qilindi», — deyiladi xabarda.
Foto: Madaniy meros agentligi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyiha hujjatlarini O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida imzolash marosimini o‘tkazishga kelishib olishgan.
Ta’kidlanishicha, JICA tomonidan 2021 yilning 10−30 iyun kunlari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda Termiz arxeologiya muzeylarida va Termiz shahri yaqinidagi arxeologik obyektlarda o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, 2021 yil 29 oktabrida Madaniy meros agentligida «Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash» loyihasining dastlabki muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan.