Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.
Bunda:
- mazkur soliq imtiyozi tadbirkorlik subyektlari tomonidan, agar ularning mazkur kichik bandda ko‘rsatilgan faoliyat turlarini amalga oshirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etsa, qo‘llaniladi;
- mazkur kichik bandda ko‘rsatilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan xodimlar sonini yashirish holatlari aniqlanganda, mazkur soliq imtiyozining amal qilishi to‘xtatiladi hamda qonunchilikda belgilangan moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi;
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga 2022 yil 1 yanvardan boshlab 2027 yil 1 yanvarga qadar mehmonxona (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari) bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalarini 90 foizga kamaytirish belgilandi. Bunda 2027 yil 1 yanvargacha yangidan quriladigan obyektlarga (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkasiga) nisbatan mazkur imtiyozni ular foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 5 yil muddat davomida qo‘llash tartibi ko‘zda tutilmoqda.
Foyda solig‘ini hisoblashda binolarning qiymatini ikki yil davomida amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirish huquqi beriladi.
2022 yil 1 apreldan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar qarorda ko‘rsatilgan tuman va shaharlarda belgilanadigan turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun:
- aylanmadan olinadigan soliq stavkasini — 1 foiz;
- ushbu hududlardagi obyektlar va ular egallagan yer uchastkasi bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdorlarini — mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.
Bunda tuman va shaharlarning turizm hududlari chegaralari Turizm va sport vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy bosh boshqarmalari xulosalari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan belgilanadi.
Jismoniy shaxslar tomonidan mahallalararo savdo-xizmat ko‘chalari bo‘yida joylashgan turar joy obyektlarin yuqorida aytib o‘tilgan xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha noturar joy obyekti toifasiga o‘tkazilganda, 2024 yil 1 yanvarga qadar ularga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan stavkasi saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, 2022 yil 1 yanvardan uyali aloqa operatorlari uchun uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 10 foiz etib o‘rnatiladi.
2022 yil 1 apreldan boshlab qishloq joylarda antenna-machta metall konstruksiyalarini, ularga o‘rnatilgan va ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar hamda ular egallagan yer uchastkalarini yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod etiladi.
Bundan tashqari, quyidagilar 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etiladi:
- telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan telekommunikatsiya infratuzilmasini joriy etish loyihalari doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantirilgan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan texnologik uskunalar, materiallar, dasturiy ta’minot va ehtiyot qismlar;
- mol-mulk solig‘ini hisoblashda yer uchastkalarida o‘rnatilgan antenna-machta metall konstruksiyalari hamda ularga o‘rnatilgan va ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar (tortqilar, atrofni o‘rovchi devorlar, yuk ko‘tarish moslamalari, chaqmoqdan himoya qilish tizimlari, yerga ulash qurilmalari, signal-yoritish tizimlari, qo‘riqlash signalizatsiyasi va videokuzatuv tizimlari) ko‘chmas mulk sifatida qaraladi;
2022 yil 1 apreldan boshlab radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota organlarining tegishli ruxsatnomalariga asosan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish huquqi beriladi.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasiga uning rezidentlari tomonidan har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdori, ular tomonidan eksport qilingan axborot texnologiyalari xizmatlarining bir yillik hajmi 10 mln dollardan oshganda 25 foizga, 20 mln dollardan oshganda 50 foizga pasaytiriladi.