Toshkentda Inson qadri indeksi joriy etiladi. U qanday ko‘rsatkichlar asosida hisoblanadi?

Toshkent mahallalarida aholi muammolarini o‘rganish orqali poytaxtda inson qadri indeksi joriy qilinadi. Prezident indeks mezonlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tizim yaratishni buyurdi.

Indeksni 8 ta ko‘rsatkich asosida hisoblab chiqish taklif etilgan. Bularga sog‘liqni saqlash, ta’lim, xavfsizlik, bandlik, daromad va boshqa yo‘nalishlar kiradi. Prezident ushbu indeks qaysi fuqaro yoki xonadon bilan birinchi navbatda ishlash kerakligini aniqlab berishini ta’kidladi.

Firdavs Abduholiqov Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisligidan ketdi

Firdavs Abduholiqov O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy Assotsiatsiyasi boshqaruv raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rniga Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja assotsiatsiya rahbari bo‘ldi.

Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochildi

Bosh prokuratura Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atdi. U o‘zining turmush o‘rtog‘i, qizi va o‘g‘li ta’sischilari bo‘lgan Sevimli telekanaliga davlat buyurtmalarini berganlikda gumon qilinmoqda. Abduxoliqov ko‘pi bilan 8,1 mln so‘m jarimaga tortilishi mumkin.

«Davlat yoki jamoat?» Qonun loyihasi nomi deputatlar o‘rtasida bahsga sabab bo‘ldi

Qonun loyihasi nomida yer uchastkalarini olib qo‘yish «davlat ehtiyoji uchun» emas, balki «jamoat ehtiyojlari uchun» deb qayd etilgani deputatlar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Rasul Kusherbayev «gap nomda emas, balki qonunni ishlashida» ekanligini qayd etdi. Boshqa deputatlar esa «jamoat» tushunchasiga qonunchilikda ta’rif yo‘qligi, «mavhum narsa hech qachon xalqqa foyda keltirmasligini» ta’kidlashdi. Doniyor G‘aniyev esa adliya vaziri o‘rinbosari bilan tortishdi. Bahslarga quyi palata spikeri yakun yasadi.

Shifoxonalarda yuritiladigan tibbiy hisob jurnallari va tibbiy kartalar soni qisqartirildi

1 fevraldan tibbiyot muassasalarida yuritiladigan tibbiy hisob jurnallari 26 tadan 14 tagacha qisqartirildi, ulardan 10 tasi soddalashtirildi. Shuningdek, 33 turdagi tibbiy karta va blankalar ham 14 tagacha qisqartirildi. «Endi shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini bemorlarni davolashga yo‘naltiradi», — deyiladi SSV xabarida.

«Snos»ga tushgan hujjati yo‘q uylarga ham kompensatsiya to‘lab beriladi

Deputatlar ko‘rib chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, hujjati bo‘lmagan uylar «snos» ga tushganda, ularga ham kompensatsiya to‘lab berish taklif etilmoqda. Bunda da’vogar mulkka 15 yil davomida oshkora va uzluksiz egalik qilgan hamda soliqlarni to‘lagan bo‘lishi lozim. Loyiha qabul qilinib, Senatga yuborildi.

1 martdan imtiyozli toifaga kiruvchi qo‘shimcha 30 ming nafar fuqaroga kompensatsiya to‘lab boriladi

Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 1 martdan barcha imtiyozli toifaga kiruvchi qo‘shimcha 30 ming nafar fuqaroga, ularning pensiya nafaqa olishi yoki mehnat faoliyatini olib bormasligidan qat’iy nazar, 130 ming so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovi joriy qilinadi. Bundan tashqari, 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan pensionerlarga har oy 289 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov amalga oshiriladi.

Fevral oyida ob-havo qanday bo‘ladi?

O‘zgidromet O‘zbekistonda fevral oyidagi ob-havoning o‘ziga xos xususiyatlari hamda eng issiq va eng sovuq kechgan fevral oylari haqida ma’lumot berdi. Sinoptiklar bu yil fevral oyida ob-havoning dastlabki prognozini ham tuzib chiqdi.

AOKA davlat telekanalida «Baunti» filmining ochiq sahnalari namoyish etilganini o‘rganmoqda

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi «Kinoteatr» davlat telekanalida namoyish etilgan «Baunti» filmining ochiq sahnalari yuzasidan o‘rganish ishlari olib bormoqda.

O‘qituvchilar o‘quvchilarning uy vazifalarini messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali qabul qilishlari mumkin bo‘ladi

Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarga masofaviy ta’lim jarayonida bajarilgan uy vazifalarini o‘qituvchilarga faqatgina Kundalik tizimi orqali emas, balki messenjer va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham yuborishga ruxsat berdi.

Toshkentda IIV xodimlari elektroshokerlardan foydalanishni boshladi

Toshkentda ichki ishlar organlarining deyarli barcha bo‘linmalari elektroshoker qurilmalari bilan ta’minlandi. Ulardan yo‘l-patrul xizmatini va jamoat tartibini ta’minlash uchun maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lgan xodimlar foydalanadi. Xodimlar SSV bilan kelishilgan maxsus tayyorgarlikdan ham o‘tgan.

Ayiq voleriga tashlab yuborilgan qizcha bilan bog‘liq hodisa: tafsilotlar

Toshkent hayvonot bog‘chasida ayiq voleriga o‘zining uch yoshli qizini tashlab yuborgan ayol psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgan, oilada bosimga uchragan va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgan. Hodisa tafsilotlari.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini qayta tikladi

Markaziy Osiyo energotizimidagi yirik avariya tufayli O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti vaqtincha to‘xtatilgan edi. Ayni vaqtda energiyani yetkazib berish qayta tiklangan.

Andijonda fuqarolar IIB xodimlarini tosh bo‘ron qilgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Andijon viloyati IIB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Baliqchi tumanida fuqarolar IIB xodimlarini tosh bo‘ron qilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Mazkur holat tuman Suvoqavaga qarashli suv qazib chiqarish inshootini xonadoniga qo‘shib olgan oila hamda ularning mahalladoshlari o‘rtasidagi nizo oqibatida sodir bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, «otilgan toshlar IIB xodimlari va fuqarolarga tegmagan».

Farg‘onadagi savdo kompleksining 25 ta do‘koni yonib ketdi

1 fevral kuni ertalab Farg‘ona viloyatining Quva savdo kompleksida 25 ta kiyim-kechak do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Voqea joyiga 11 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etildi. FVV ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lganlar qayd etilmagan.

Kovid va pnevmoniya bilan kasallanish statistikasi pasayib bormoqda

22 yanvardan beri koronavirusning kunlik holati kamayib bormoqda — dushanba kuni virus 1015 kishida aniqlandi. Toshkent shahrida kasallanish holatlari ortgan, viloyatlarda esa kamaygan. Qolaversa, 196 nafar fuqaroda pnevmoniya qayd etildi.

Yangi koronavirus holatlarining 85 foizi omikron shtammiga to‘g‘ri kelmoqda — Zangiota shifoxonasi direktori

Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov O‘zbekistonda koronavirus bilan yangi kasallanish holatlarining 85 foizi «omikron», 15 foizi «delta» shtammiga to‘g‘ri kelayotganligini ta’kidladi. Uning aytishicha, aksariyat bemorlar kasalxonada davolanishi shart emas, lekin vahima sababli odamlar turli yo‘llar bilan shifoxonada davolanishga harakat qilmoqda.

Yanvar oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi pasaydi

2022 yilning yanvar oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,9 foizni, yillik nisbatda esa 9,8 foizni tashkil qildi. Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,3 foizga oshgan, eng qimmatlagan sohalardan biri restoran va mehmonxonalar xizmatlari bo‘ldi.