2 fevral kuni Nukus shahridagi markaziy dexqon bozoriga tutash hududda fuqarolar bozor atirofidagi yo‘lni to‘sishgan. Holat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘sha kunning o‘zida mahalliy «Qoraqalpog‘iston» telekanalida rasmiy ma’lumot berdi.

«Nukus shahrida joylashgan MJCHda ijarada tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bozor atrofidagi yo‘lni to‘sib jamoat tartibini buzgan. Bu vaziyat bo‘yicha hozirgi paytda Nukus shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi rasmiy ma’lumotda.

«Gazeta.uz» manbasining ma’lum qilishicha, yo‘lni to‘sganlar «NUKUS DILISHA» MCHJga qarashli 3 qavatli savdo binosida ijara asosida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bo‘lgan. Manbaga ko‘ra, do‘konlarning ijara puli so‘nggi 3−4 oy ichida ko‘tarilgan. Yaqinda esa, ijarachilarga ijara puli yana 1 million so‘mga ko‘tarilishi ma’lum qilingan. Xususan, ikkinchi qavatda 2−3 million so‘m ijarada turuvchi tadbirkorlar kelasi oydan boshlab ijara uchun 3−4 million so‘mdan to‘lashlari kerak bo‘lgan.

Natijada ijarachi tadbirkorlardan taxminan 50 nafari noroziligini bildirish uchun bozor yonidagi yo‘lni to‘sgan. Bu yer Nukus shahridagi «Nukus markaziy dexqon bozori» hududiga tutash bo‘lib, u yerda bozorning ham avtobillar turar joyi joylashgan.

Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi fuqarolarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga muvofiq, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish — BHMning oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga, 183-moddasiga asosan (mayda bezorilik) — BHMning uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi bilan ogohlantirgan.