Bugun, 4-fevral kuni O‘zbekiston hududiga Turkmaniston hududlaridan juda iliq va quruq havo kirib kelishi kutimoqda, deb xabar berdi «O‘zgidromet». Harorat foni ko‘p yillik qiymatlardan 5−7 darajagacha yuqori bo‘ladi. Kunduz kuni havo +12…+14 darajagacha, ba’zi joylarda +16…+18 darajagacha isiydi.

Ertaga, 5 fevral kuni iliq havo massasining kirib kelishi kuchayadi, kunduz kungi harorat +14…+17 daraja iliqgacha, ba’zi joylarda +20…+22 daraja iliqgacha ko‘tariladi, kechasi biroz sovuq saqlanib turadi. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning shimoliy hududlariga Volga bo‘yi hududlaridan nam havo massasi kirib kelishi prognoz qilinmoqda. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.

6 fevral kuni sovuq havo kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi, ob-havo keskin yomonlashadi. Butun mamlakat bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, harorat kunduz kuni +4…+9 daraja iliq bo‘lib, shimolda 0…+5 darajagacha pasayadi.

4−6 fevralda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda chang to‘zon kuzatiladi, jumladan:

4 fevralda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Navoiy, Toshkent viloyatlarida 18−23 m/s gacha;

5−6 fevralda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 18−23 m/s gacha, Navoiy, Toshkent, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida esa 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Yakshanba kuni tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. Tog‘li avtomobil yo‘llarda qor uyumlari bo‘lib, ko‘rishning yomonlashishi kutilmoqda.