Dushanba kungi matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslanbek Davletov haydovchilik guvohnomasini beruvchi Yagona imtihon markazining «Avtotest» singari monopoliya tashkiloti emasligini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazete.uz» muxbiri xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, davlat hozir xususiy sektorga o‘zining funksiyalarini topshiryapti. Mashinalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ham shunday tarzda amalga oshirilayapti.
Shuningdek, u haydovchilik bo‘yicha respublikadagi ahvol juda yomon ekani, masalan, o‘tgan bir yil ichida 3000 kishi yo‘lda o‘lib ketgani bu juda katta fojialigini ta’kidladi. «Buning sabablari juda ko‘p. Mana bitta sababi, [haydovchilik] guvohnomani olish osonligi, korrupsiyasi, yengilligi, imtihonni pul bilan bemalol topshirib, pulini berib olib ketish kabi masalalar shunga ta’sir qilgan», — dedi u.
«Endi davlat nima qilyapti, davlat aytayaptiki, biz yangi tizim qilamiz: Mana shunaqa talablar bo‘ladi. U yerda inson omilisiz elektron ravishda haydovchiga baho beradigan tizim bo‘lishi kerak, deyapti. O‘sha talablarni belgilab qo‘yyapti. Agarda qaysi hududda shu talablarga mos ravishda xususiy sektordan tadbirkor kirib kelsa, davlat o‘zining shu funksiyasini tugatadi, deyapti. Hamma viloyatda ochilsa, shu yoqdagi davlat tizimi tugaydi», — deya ta’kidladi vazir.
Ta’kidlanishicha, «agar, hamma viloyatda bunday markazlar ochilsa, sohadagi imtihon olishda davlat tizimi tugaydi».
Biroq, hammaga ham bu sohada imtihon olish huquqini berib bo‘lmaydi. Vazir buning ustidan qattiq nazorat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Qolaversa, vazir ayni vaqtda poytaxtning Segreli tumanidagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun Yagona imtihon markazi ishga tushgani bilan uning rahbar kim ekanini ham bilmasligini aytib, uning «Avtotest» singari monopollashgan tashkilot ekanini rad etdi.
«Oldinlari „Avtotest“ deb turib qarorga yozilgan bo‘lardi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri MCHJ deb yozilardi. Mana bu monopoliya. Hozir ham mana bozorga kirish qiyin, ivestitsiya kiritish kerak. Lekin, bu ochiq. Kim agar qandaydir imkoniyat ko‘radigan bo‘lsa, mana pul tiksin. Kimdir xalaqit qilib, to‘siq bo‘layotgani yo‘q. Talab hamma uchun bir xil demoqchiman. Men bunda huquqiy tomondan baho beraman», — degan u.
Shu bilan birga u mazkur o‘zgarish hukumat qarori asosida bajarilayotganini keltirib o‘tgan.
«Mana masalan bizga Ichki ishlar [vazirligi]dan kelib imtihon topshirish tizimi bo‘yicha 12 ta talab qo‘ydik, deya aytyapti. Bizdagi huquqshunoslar esa undan mana bu joyi noto‘g‘ri deb aytishga nima asosi bor. Agarda unda byurokratiya bo‘lsa, biz aytishimiz mumkin. Lekin, texnik talablar bo‘yicha mutaxassislar [ish olib boradi]. Bundan tashqari, hukumat qaror qabul qilyapti», — dedi Ruslanbek Davletov.
Shuningdek, vazir Davlat xizmatlari markazlari (DXM) orqali haydovchilik guvohnomasini berib bo‘lmasligini ma’lum qildi.
«DXA bu front ofis. Unda guvohnomani kim oladi, bizning xodim olmaydi-ku imtihonni? Bizda guvohnoma tayyor bo‘lsa, faqat uni chop qilish mumkin. Lekin, uning boshida turib guvohnomani berishda katta jarayon bor. Ayniqsa eng qattiq nazorat qilinadigan jarayon bor. U yerga esa aralashish noto‘g‘ri bo‘ladi», — degan Davletov o‘z javobida.
Avvalroq, «Gazeta.uz» KTYARD ochiq ma’lumotlarini keltirgan holda, Autodriver Study avtmaktabi 2017 yil 6 oktabrda ro‘yxatga olingani va rahbar sifatida Deniyel Byork (Burke Daniyel James) ko‘rsatilgani, yagona ta’sischi — Dilshod Shuhratovich Jo‘rayev ekani haqida yozgandi.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Web.Archive ma’lumotlariga tayanib, Autodriver Study avtomaktabining ikkita filiali borligini, ulardan biri ushbu markaz o‘rnida, ikkinchisi esa Alisher Navoiy ko‘chasi 1-uyda (xuddi shu manzilda «Avtotest» innovatsion avtmaktabi filiallaridan biri) joylashganini ma’lum qildi.
Dilshod Jo‘rayev bir vaqtning o‘zida 2017 yil oktabr va noyabrida ro‘yxatga olingan Nurafshon Yo’l Avtomaktabi va Innodriver Study avtomaktablarining ham egasi hisoblanadi. Innodriver Study yuridik manzili Avtotest, Avtotest 2.0 va Avtotest Obey Rules savdo belgilariga egalik qiladigan Avtotest Report kompaniyasi manzili bilan mos tushadi — Toshkentning Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasi 21-uy.
E’tiborlisi, mazkur binoning orqa qismida, Taras Shevchenko ko‘chasi 23-uyda Milliy TV telekanali ofisi joylashgan.
Avtotest maktablari asoschisi (hozirda u yerda ta’sischi sifatida Irodaxon Ismailova ko‘rsatilgan) va Milliy TV telekanalining amaldagi ta’sischisi (66,7%) — Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov.