10 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra, Samarqandga tashrifi chog‘ida buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini va Hazrati Hizr majmuasidagi birinchi prezident Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi. Qur’on tilovat qilindi.

Suratlarda davlat rahbariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, qurilish vaziri Botir Zokirov hamrohlik qilgan.


Prezident Imom Buxoriy majmua qurilishini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda.

Maqbaraning o‘ng tomonida, yerostida galereya qurilmoqda. Bu yerda ziyoratchilar alloma qabrini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maqbara naqqoshlik va xattotlik san’ati asosida sayqallanadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qur’oni karim suralari va hadislar yoziladi.


Shu yerda galdagi qurilish ishlari haqida ma’lumot berildi. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxona, kushxona barpo etiladi.


Prezident ularni sifatli qurish, ko‘p sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.