Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni o‘tkazilgan yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida YHX inspektori faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish, ularni obro‘sizlantirish holatlari ko‘payayotgani masalasiga alohida to‘xtaldi.
«So‘nggi paytlarda yo‘l harakati xavfsizligi inspektori faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish [holatlari ko‘paymoqda], internetda ham chiqib kelayapti. [Inspektorni] so‘kayapti, haqorat qilayapti. Qonun yo‘q. U bechora inspektor nima qilishi kerak? Mashinani [инспекторни] ustiga haydaganiga misollar bo‘lgan. Yo‘q, birorta odam, birorta deputat menga „janob prezident, buni o‘zgartiraylik, adolatsizlik bo‘layapti“ degani yo‘q. Erkinlikning ham me’yori bo‘ladi. Erkinlik degani — qonunni hurmat qilish degani. Qonunlarni ko‘rib chiqishda, bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Inspektor talabiga bo‘ysunmaslik holatlari haqida OAVlarda xabarlar tez-tez paydo bo‘lib turadi. Jumladan, o‘tgan yilning sentabrida Pskent tumanida mast haydovchi YPX inspektorining to‘xtash talabiga bo‘ysunmasdan, uni urib yuborishi oqibatida 30 yoshli serjant Dilmurod O‘rmonov oradan uch kun o‘tib vafot etgan edi.
Bu prezident raisligida aynan yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan birinchi yig‘ilishdir. Davlat rahbari yig‘ilishda yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishini ma’lum qildi.