Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli mehribonlik uyida bolaga zo‘ravonlik qilingani aniqlandi. Bu haqda O‘zA Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusovaga tayanib xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, yanvar oyida bolalar ombudsmani nomiga Toshkent shahrida joylashgan 21-sonli mehribonlik uyida bolaga jismoniy tazyiq o‘tkazilayotgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Ma’lumotda mehribonlik uyining A. ismli tarbiyalanuvchisiga B. ismli (erkak) tarbiyachi tomonidan kuch ishlatib, jismoniy tazyiq o‘tkazilayotgani aytilgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazadi. Bola suhbat davomida yuqoridagi holatlarni tasdiqlaydi. Uning o‘ng tirsak sohasi lat yeb, ko‘kargani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, tarbiyalanuvchi navbatchi tarbiyachi yuqoridagi holat bo‘lishidan oldin ham bir necha marotaba uning tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazganini, biroq, u qo‘rquv ostida ushbu holatlar haqida hech kimga murojaat qilmaganini aytgan.

Monitoring jarayonida tarbiyalanuvchining tanasi shifokorlar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning tanasida ko‘kargan yaralar borligi, so‘zlariga ko‘ra, bosh qismida ham og‘riq mavjudligi aniqlangan.

Tarbiyalanuvchi A. navbatchi hamshiraning oldiga tushib, o‘ng ko‘lining lat yeb, ko‘kargan tirsak qismiga surtma dori surdirganlik holati «Ambulator jurnali»da qayd etilmagani ham ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat qilingan. Shu bilan birga, kelgusida A.ga nisbatan bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli xil tazyiq va boshqacha ta’sirlarning oldini olish maqsadida navbatchi tarbiyachini mehnat qonunchiligiga muvofiq vaqtinchalik ishdan chetlatish masalasi ko‘rib chiqilishi uchun Xalq ta’limi vazirligiga xat kiritilgan.

Aliya Yunusovaning aytishicha, bolalar zo‘ravonlik holatlari haqida ko‘pincha gapirishga qo‘rqadi. Chunki zo‘ravonlik qilgan shaxslar «aytsang battar bo‘ladi» qabilida ularni qo‘rqitib qo‘ygan bo‘ladi. Shuning uchun ham ular bunday paytda kerakli yordamni ololmaydi.

«Agar bola turli jismoniy, ruhiy bosimlarga uchrasa, bu uning salomatligiga, to‘laqonli rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. — deydi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova. — O‘z navbatida, bu uning ta’lim olish va ijtimoiylashuv qobiliyatini pasaytiradi. Afsuski, oilalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ijtimoiy norma hisoblanib qolmoqda, Ko‘pincha uning oqibatlari muhokama qilinmaydi. „Farzandni tarbiyalash uchun jismoniy kuch jazo sifatida ishlatilishi mumkin“, deb hisoblaydigan ota-onalar bor. Achinarlisi, zo‘ravonlik maktablarda ham mavjud», — deydi Aliya Yunusova.

«Gazeta.uz» mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari haq-huquqlari ta’minlanishi masalalariga ko‘p e’tibor qaratib keladi. Bu borada qator materiallar e’lon qilingan. Jumladan, «Nima uchun mehribonlik uylari yopilishi kerak?», degan sarlavha ostidagi maqolada, saytda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘quvchilar, ishonchni oqlamayotgan bo‘lsa ham, O‘zbekistondagi mehribonlik uylari saqlab qolinishi kerak, degan fikrga kelishgani haqida fikr yuritilgan edi.