Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi keng nishonlanishi haqida 10 fevral kuni prezident qarori qabul qilindi, deya xabar qildi Adliya vazirligi.

Qarorga ko‘ra, Namangan shahrida Usmon Nosir haykali o‘rnatiladi. Shuningdek, Toshkent va Namangan shaharlardagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomi beriladi.

Shuningdek, shoir tavalludining 110 yilligini keng nishonlashda Usmon Nosir hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘lyozma asarlarining taqdiri haqida ma’lumotlar to‘plash uchun tashkiliy guruhga Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Unutmas meni bog‘im» mavzuida insholar tanlovi o‘tkaziladi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Namanganda Usmon Nosir nomi bilan atalgan ko‘cha borligiga e’tibor qaratdi. Namangan shahridagi Usmon Nosir ko‘chasi Bobur xiyoboniga tutashadi.