Endilikda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat chegarasi rejimini buzib o‘tganda qo‘llanilgan jarimani to‘lasa, O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilmasligi mumkin. 15 fevralda qabul qilingan qonunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 224−1-modda bilan to‘ldirildi. Ilgari jarima to‘lashidan qat’i nazar O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan.

Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilganda, keyinchalik O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanish muddatini qo‘llashga ham aniqlik kiritildi. Unga ko‘ra, davlat chegarasi rejimini birinchi marta buzib o‘tganda 1 yil muddat, ikkinchi marta sodir etilganda 3 yil muddat O‘zbekistonga kirish huquqi cheklanadi.

Bundan tashqari, qonun bilan quyidagi huquqbuzarliklarga oid ishlarni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari ko‘rib chiqishi belgilandi:

  • chegara zonasiga, shuningdek fuqarolarning kirishi va bo‘lishiga vaqtincha cheklov belgilangan joylarga kirish hamda ularda yashash qoidalarini buzish (224-modda);
  • Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni buzish (224−1-modda 1-qismi).

Ma’muriy tarzda mamlakatdan chiqarib yuborish jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llaniladi.