«3,5 yil ichida bir so‘mga ham xiyonat qilmadim». Toshkent hokimi homiylik, Akfa va Artel haqida

Toshkent hokimi oldin ishlagan kompaniyalari Artel va Akfa tomonidan shaharga ko‘rsatilayotgan homiylik yordami haqidagi savollardan charchaganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar ba’zi aktivlarini sotib, mablag‘larni shahardagi loyihalarga homiylik qilishga yo‘naltirmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev qilgan savob ishlari haqida hech kimga aytmaganligini, bu haqida afsuslanishini bildirdi. «3,5 yil ishlagan bo‘lsam, davlatning bir so‘m puliga ham xiyonat qilganim yo‘q», — dedi u.

Kosmonavtlar maydonini obodonlashtirish loyihasi ma’qullandi

Madaniy meros agentligidagi Ilmiy-ekspert kengashi Toshkentdagi Kosmonavtlar maydonini ta’mirlashga ruxsat berdi. Loyiha «obyektning tarixiy va badiiy qiymatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda» amalga oshirilishi kerak.

«Chiroyli qilishimga vaqt bering». Jahongir Ortiqxo‘jayev — Kosmonavtlar maydoni rekonstruksiyasi haqida

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Kosmonavtlar maydonini «chiroyli qilish uchun» unga 10 kun vaqt berishlarini so‘radi. «O‘n kun sabr qiling. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, meni har qancha ayblashlaringga roziman», — degan shahar hokimi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishlar olib borilishi jarayonida qonunchilik buzilganini tasdiqladi.

Prezident Madaniy meros agentligi vakolatlarini kengaytiruvchi qonunni imzoladi

Endilikda Madaniy meros agentligi ko‘rsatmalariga rioya qilmagan shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilishi mumkin. Buning uchun jarima fuqarolarga BHMning — 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga — 7 baravargacha etib belgilandi. Shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini yo‘q qilish va ularga zarar yetkazish uchun jinoiy jazo kuchaytirildi.

Abdulla Qodiriy bog‘idagi daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgan — Ekologiya boshqarmasi

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi Abdulla Qodiriy bog‘idagi 64 tup daraxt noqonuniy ko‘chirilganini ma’lum qildi. Taraxtlarni ko‘chirib o‘tqazgan tadbirkorga nisbatan 1,35 mln so‘m miqdorida jarima tayinlandi. O‘simlik dunyosiga 7,6 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Chegara rejimini buzgan xorijliklar jarima to‘lasa, O‘zbekistondan chiqarib yuborilmasligi mumkin

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, endilikda davlat chegarasi rejimini buzib o‘tganda qo‘llanilgan jarimani to‘lagan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistondan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilmasligi mumkin. Shuningdek, chegara zonasini buzishga oid ishlar DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Navoiy ko‘chasiga tramvay qaytarilmaydi — Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari

«Navoiy ko‘chasiga tramvay qaytarilmaydi», — deya ma’lum qildi Toshkent hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov. «Gazeta.uz» e’lon qilgan maqoladan keyin hokimlik ko‘chani rekonstruksiya qilish loyihasiga o‘zgartishlar kiritdi — u yerga avtobuslar uchun yo‘lak qo‘shildi va chorrahalardan biri o‘zgartirildi.

Toshkentdagi «Marvarid» uyi oldida joylashgan bog‘ qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Toshkent markazidagi «Marvarid» uyi oldida joylashgan Kosmonavtlar bog‘ini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu yerda o‘yin maydonchalari, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilishi kutilmoqda. Pudratchi sifatida Mimar Group kompaniyasi tanlandi.

Mirziyoyev chorvachilik tarmog‘ida ortda qolayotgan hududlarni sanab o‘tdi

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, pandemiya va iqlim o‘zgarishi sharoitida dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilib borayotgan bir vaqtda, ayrim tuman hokimlarida aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish uchun qanday tizimli ishlarni amalga oshirish kerakligi haqida aniq tasavvur yo‘q. Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda o‘zgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Diniy masalada munosabat bildirganda xolis bo‘lishni so‘raymiz — Din ishlari qo‘mitasi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ayrim diniy soha vakillari O‘zbekistonning din sohasidagi davlat siyosatini noto‘g‘ri tushunishi va baholashini, yangiliklarni o‘z manfaatlariga moslab talqin qilishini ta’kidladi. Oldinroq Toshkent shahar imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov adliya vaziri Ruslanbek Davletovning «do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini odamlarning o‘ziga qo‘yib beringlar» degan so‘zlariga qarshi chiqqan edi.

Pekin-2022: Komiljon To‘xtayevning natijasi inobatga olinmadi

Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlarida tog‘ chang‘isi sportining slalom yo‘nalishida Komiljon To‘xtayev 42-natijani qayd etdi. Biroq, dasturdagi texnik xato tufayli uning natijasi hakamlar tomonidan hisobga olinmadi. Shu bilan uning Olimpiadadagi ishtiroki yakunlandi.

O‘zbekistonda Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tashkil etilmoqda

O‘zbekistonda Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etiladi. Inspeksiya Davlat budjeti mablag‘larini sarflash samaradorligini oshirish, budjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini kuchaytirish va masofaviy moliyaviy nazoratni kengaytirish, shuningdek, davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish yo‘nalishida ishlaydi.

3 ta viloyatda sud raislari mas’uliyatsizligi uchun ishdan olindi

Andijon, Samarqand va Buxoro viloyatining sud raislari mas’uliyatsizligi va sudyalik qasamini buzgani uchun muddatidan oldin ishdan olindi. Xorazm va Navoiy viloyatining sud raislari esa intizomiy javobgarlikka tortildi.

Namangan viloyatiga yangi prokuror tayinlandi

Buxoro viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Bektosh Sayipov Namangan viloyati prokurori etib tayinlandi.

ISHID a’zosi ekanligi gumon qilinayotgan fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi

DXX ISHID safida jangovor harakatlarda ishtirok etganlikda gumonlanayotgan fuqaroni O‘zbekistonga olib keldi. Uning hali ham «jihod» qilish borasidagi qarashlaridan voz kechmagani aytilmoqda.

Buxoro neft bazasida 22 mlrd so‘mdan oshiq xato-kamchiliklar aniqlandi

«O‘zbekneftgaz» tomonidan amalga oshirilgan tekshiruvlarda «Buxoro neft bazasi»da 22 mlrd 58 mln so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlandi. Holatlarning asosiy qismi bazaning sobiq bosh hisobchisi ishtirokida amalga oshirilgani aytilmoqda. Shuningdek, neft bazasida 5,5 mlrd so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi, qarindosh-urug‘chilik va 3,4 mlrd so‘mlik talon-taroj qilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Qashqadaryoda IIB xodimlari olib ketgan fuqaro vafot etdi

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida mast holda janjal ko‘targani uchun IIBga olib ketilgan 37 yoshli erkak oradan 4−5 soat o‘tib o‘lik holda uyiga qaytarilgani aytilmoqda. Tuman hokimligi uning RSHTTYOIM Qarshi filialida olamdan o‘tganini ma’lum qildi. Viloyat prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda.

O‘rtachirchiqda bo‘sh bankomatni o‘g‘rilab, daryoga tashlab yuborgan shaxslar qo‘lga olindi

O‘rtachirchiqda «Kapitalbank» bankomatini o‘g‘rilab ketgan shaxslar ushlandi. Tergovda ma’lum bo‘lishicha, gumondorlar bankomatni buzib ochishganda, ichida pul yo‘qligini ko‘rib, uni Chirchiq daryosiga tashlab yuborgan. Ushbu uskunaning bahosi 145 mln so‘m ekani aytildi.

Toshkent, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yildi — DXX

DXX Toshkent, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yilganini ma’lum qildi. Jumladan, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 32 gektar yer maydonini 35 ming dollar evaziga xaridor nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.

Aholiga 350 ming bosh qo‘y va echki tarqatiladi

Shavkat Mirziyoyev chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘n kun muddatda kooperatsiya asosida aholiga 350 ming bosh qo‘y va echkini tarqatish ishlarini boshlashga topshiriq berdi. Bu maqsadlarga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Undan tashqari, soha mutasaddilariga viloyat va tuman hokimlari bilan birga bir hafta muddatda 67 ta yirik qo‘y va echkichilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Tramvay zamonaviy va jamiyat oldida mas’uliyatli»

Tramvayning afzalliklari borasida hech qaysi mutaxassis shubha qilmaydi. «Dunyoda bu masala „yopilgan“», deydi jurnalist Valentin Bogdanov. Tramvayning yo‘q qilinishi sun’iy ravishda unga nisbat berilgan muammolarning hech birini hal qilmadi. Jamoat transporti o‘zining bashoratliligi va hammabopligini yo‘qotdi, ko‘chalar esa yanada xavfliroq bo‘ldi. Tramvay qaytadigan bo‘lsa, «g‘ildirakni qayta kashf qilishning hojati yo‘q» — barcha liniyalar yaxshi rejalashtirilgan edi, deb ta’kidlaydi u.

Foto, video: 1999 yil 16 fevralda Toshkentdagi portlashlar

1999 yil 16 fevralda Toshkentda, shu jumladan Mustaqillik maydonidagi hukumat binosi yaqinida bir qator kuchli portlashlar sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohat olgan. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov teraktning diniy ekstremistlar tomonidan uyushtirilgani, ularning maqsadlaridan biri uning hayotiga suiqasd uyushtirishdan iborat bo‘lganini ta’kidlagan edi. «Gazeta.uz» o‘sha kuni muhrlangan tasvirlarni e’lon qilmoqda.