Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita din sohasidagi davlat siyosati bo‘yicha bildirilgan fikrlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Oxirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi mutaassib shaxslar, ayrim hollarda esa diniy soha vakillari tomonidan ham O‘zbekistonning din sohasidagi yagona davlat siyosatini noto‘g‘ri tushunish va baholash, yangiliklarni o‘z manfaatlariga moslab talqin qilish, voqelikni bo‘rttirib ko‘rsatish, insonlar fikrida noxolis munosabatni shakllantirishga bo‘lgan urinishlar kuzatilmoqda», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘mita O‘zbekiston dunyoviy, huquqiy demokratik, ko‘p millatli va turli konfessiyali davlatligini eslatib, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda hech qaysi dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilganini ta’kidlagan.

«Turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat, gap-so‘z va sa’y-harakat — turli dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga hamda diskriminatsiya va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin», — deya ta’kidladi qo‘mita.

Idora so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida davlat idoralari mas’ul xodimlari tomonidan O‘zbekistonning dunyoviy, huquqiy demokratik davlat tamoyillaridan kelib chiqib, jamiyatda qonun ustuvorligi eslatilgan chiqishlariga nisbatan ayrim shaxslar, shu jumladan, diniy soha vakillari turli munosabat bildirganliklarini qayd etdi.

Qo‘mita Adliya vazirligi mamlakatda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga oluvchi yagona vakolatli davlat organi hisoblanishini hamda diniy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunchilik hujjatlari talablari va o‘z ustavi qoidalariga rioya etishi ustidan nazoratni olib borishini eslatdi.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jamoat tartibiga, O‘zbekiston fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, mazkur qonunning 7-moddasiga binoan, davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo‘yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi.

«Xulosa o‘rnida, fuqarolarimizdan diniy mavzu o‘ta xassos ekanini e’tiborga olib, internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda davlatning din sohasidagi pozitsiyasiga munosabat bildirganda xolis bo‘lish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qat’iy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz!», — deyiladi bayonot so‘ngida.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 7 fevral kuni jamoatchilikka hisoboti davomida diniy tashkilotlarning ba’zi domlalari ma’ruzalari jamiyatda bo‘linishga olib kelayotganligini ta’kidlab, vazirlik ushbu sohani nazorat qilishini eslatgan holda «O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor», deya ta’kidlagan edi.

Davletov o‘z chiqishini amerikalik yozuvchi Devid Frimenning «odamlarga do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o‘zlariga qo‘yib beringlar» degan fikri bilan yakunlagandi.

Sal o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov (Termiziy) adliya vazirining so‘zlariga javob qaytargan videolavha tarqaldi.

«Biz xudbinlik jamiyatida yashamayapmiz. Do‘zaxga tushsang, tushaver deyapti, hozir ba’zi odamlar chiqib… Biz bunga rozi bo‘lmaymiz. Biz hech qachon musulmon birodarlarimizni do‘zaxga tushishiga rozi bo‘lmaymiz. To‘g‘ri, bitta ikkita ahli ilm qattiq hissiyotga berilib gapirgani bilan butun imomlarni da’vat yo‘lini to‘sishga kim vakolat berdi u odamga», — deydi poytaxt imom-xatibi.

«Biz hech qachon odamlarni do‘zaxga tushsang tushaver deb tashlab qo‘ymaymizku. Noto‘g‘ri ish qilayotgan odamni ko‘rsak indamay ketishimizni talab qilishayapti ular. Aroq ichayotgan odamni ko‘rsang, gapirma deyapti, ichsa ichaversin deyapti. Zino qilayotganni ko‘rsang, ishing bo‘lmasin, o‘zi qilayaptiku qilsa, deyapti. Shuni bizdan talab qilayapti. Bunday jamiyat rasvo jamiyat bo‘ladi», — dedi Rahmatulloh Sayfuddinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat rahbarining siyosatiga asoslangan holda odamlar bir biriga yordam berishi kerak bo‘lgan, yaxshilikni ulashgan yomonlikdan qaytarilgan, qaytargan kishilik jamiyatini qurishni maqsad qilgan.

«Hech qachon xudbin egoist bir jamiyat qurmaymiz va unga rozi bo‘lmaymiz», — dedi imom.

Sayfuddinov adliya vaziri Ruslanbek Davletovning so‘zlari davlat siyosati emasligini, bu vazirning shaxsiy fikri yoki vazirlikning maqsadi ekanligini ta’kidlagan.