Toshkent viloyatida bankomatlar o‘g‘riligida gumonlanib ushlangan uch fuqaro oldin ham shu turdagi jinoyatni sodir etgani aniqlandi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasida xabar berildi.

Xabarda aytilishicha, fuqarolar birinchi o‘g‘rilikni joriy yilning 1 yanvar kuni tungi soat 3:00da sodir etgan. Ular Yuqorichirchiq tumanidagi Nurli-zamin mahallasida o‘rnatilgan tijorat banklarining biriga tegishli, bahosi 64 mln so‘m bo‘lgan bankomatni joyidan yechib olib, aravaga ortgan holda olib ketishgan.

Bankomatni shu tumanning chetrog‘ida joylashgan dala yer maydoniga olib borib, buzib ochishgan va bankomat ichidagi 138 mln pullarni o‘g‘rilab, hodisa joyidan yashirinishgan.

IIV Huzuridagi tergov departamenti mas’ul xodimi Oksana Hakimova lavha davomida Yuqorichirchiq tumani ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tergov tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni O‘rtachirchiq tumanida yashovchi 24, 22, 23 yoshli fuqarolar guruh bo‘lib sodir etganini aytadi.

Tergov harakatlari davomida bankomatni olib qochishda foydalanilgan aravaning ham o‘g‘rilangani aniqlangan.

Bundan tashqari, ushbu uch nafar fuqaro boshqa bir tijorat bankiga tegishli bo‘lgan bankomatni ham o‘g‘rilagani oydinlashgan.

Ta’kidlanishicha, hozirda ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘rtachirchiqda «Kapitalbank»ning qiymati 185 mln so‘mga teng bankomatini o‘g‘rilab ketgan shaxslar ushlangani haqida xabar bergan edik. Gumondorlar bankomatni buzib ochib, ichida pul yo‘qligi ko‘rgach, bankomatni Chirchiq daryosiga tashlab yuborishgan.