Toshkent viloyatida hokimlik zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning viloyat boshqarmasi va IIV xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro N.Sh. fuqaro B.ning ishonchiga kirib, unga Toshkent tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 14 sotix yer maydonini «Z.» ismli tanishi orqali olib berishni va’da qilganligi aniqlangan.

N.Sh. ushbu yer uchun egalik qilish huquqini beruvchi qarorni chiqartirib berish evaziga 8 000 AQSh dollari talab qilgan. U shundan 4 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.