Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 fevral kuni muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan chaqiruv yoshidagi O‘zbekiston fuqarolari 2022 yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan, cheklovlar bilan yaroqli bo‘lgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq ushbu chaqiruv davrida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinadi.
Muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar mart-aprel oylarida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatiladi.
Mudofaa vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, prezidentning bu qarori Ukrainada bo‘layotgan vaziyatlar bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Ya’ni, bu har yili amalga oshiriladigan muddatli harbiy xizmatga chaqiruv va belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish hisoblanadi.