25 fevral kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori etib tayinlangan Roli Astxanani qabul qildi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Vazir Roli Astxanani ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan konstruktiv va ishonchli hamkorlik o‘rnatganini ta’kidladi.

«Yangi doimiy koordinatorning kasbiy yutuqlari va ish tajribasi ushbu hamkorlikni yanada chuqurlashtirishiga umid qilinadi», — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda intaqaviy xavfsizlik, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va tiklash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish, ekologik muammolarni hal etish, xususan, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Buyuk Britaniyalik Roli Astxana fevral oyi boshida BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori etib tayinlangan edi. Tayinlovga qadar, u Buyuk Britaniyaning Xitoydagi tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot idorasining (FCDO) rivojlanish bo‘yicha direktori lavozimida ishlagan.

Roli Astxana Buyuk Britaniyaning Xalqaro rivojlanish vazirligida yuqori lavozimlarda ishlagan. U so‘nggi yillarda toza va yashil infratuzilma loyihalari orqali tashkilotning tiklanish ishlariga rahbarlik qilgan. U barqaror rivojlanish sohasida 25 yildan ortiq tajribaga ega.

BMTning O‘zbekistondagi sobiq koordinatori Helena Freyzer 2021 yilning yozida o‘z missiyasini yakunlagandi.