Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish hamda mustahkamlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, yig‘ilishda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasining yangi tizimi belgilab berildi.

«Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ayollarga munosib sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasini eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida bejizga belgilamadik. Ushbu muhim vazifalar ijrosini tizimli tarzda har bir mahalla kesimida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida bugun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitaсини tashkil etish bo‘yicha farmonni imzoladim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qo‘mita rahbari lavozimiga ayollarning muammolari, dardu-tashvishi bilan yaqindan tanish va ularni hal qilish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamova tayinlandi.

Avvalroq, qo‘mita raisi bir vaqtning o‘zida bosh vazir o‘rinbosari va Senat a’zosi sifatida faoliyat yuritishi haqida yozgandik.

Joylarda qo‘mitaning viloyat, tuman va shahar rahbarlari esa hokim o‘rinbosari bo‘ladi.

Yangi qo‘mita Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda «Ayollar daftari» jamg‘armasini o‘zi boshqaradi.

Respublikadagi ayni paytdagi 9309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi va har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi.

Hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qanday konkurs bilan tanlangan bo‘lsa, mahallalardagi xotin-qizlar faollari ham shunday ochiq konkurs asosida, tajribali, obro‘-e’tiborli, tadbirkor ayollar orasidan lavozimiga qo‘yiladi.

Ya’ni, mahallada endi yaxlit tizim tashkil etiladi.

Bundan buyon:

  • hokim yordamchisi — kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga;
  • yoshlar yetakchisi — yoshlar siyosati va yoshlar balansiga;
  • xotin-qizlar faoli — esa, ayollar masalasi va ularning dardu-tashvishi ishlashga javob beradi.

Ushbu 3 ta yo‘nalish bo‘yicha, ularning aniq moliyaviy mablag‘lari bo‘ladi.