Kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan, lekin bir necha yillardan beri Isroilda yashab kelayotgan «Dejurnыy po Izrailyu» Telegram kanali muallifi Mark Novikov urush payti axborot makonida yangiliklarga qiziqadiganlar o‘zini qanday tutishi kerakligi haqidagi tavsiyalari bilan bo‘lishdi. davletovuz Telegram kanali uning tavsiyalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Kanal muallifining roziligi bilan, «Gazeta.uz» ham ushbu tavsiyalar bilan bo‘lishadi.

Raqamli gigiyena. Voqea joyidan yuborilayotgan roliklarni, portlash va hujumlar, harbiy harakatlar videolarini tomosha qilishni yig‘ishtiring. Bunday videolarda hech qanaqa ma’lumot yo‘q, shunchaki asabingizni tamom qilgani qoladi, xolos.

Mabodo judayam xohlasangiz yoki kasb taqozosi yoxud boshqa sabab voqealarni real rejimda kuzatishingiz kerak bo‘lsa, o‘zingiz ishonadigan matn shaklida yozadigan mualliflarni kuzating.

Sizni dahshatga solgan, ammo unda emotsiyadan tashqari boshqa axborot bo‘lmagan kontentni yaqinlaringizga, do‘stlaringizga yuborib, ularning asabini ham buzmang. Siz uchun ma’qul ko‘ringan kontent boshqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Internetda siyosiy qarashlaringizga qarama-qarshi taraf bilan bahslashishdan tiyiling. Siz ularni biror narsaga ishontirolmaysiz, ammo ko‘p kuch va asabingiz ketgani, kayfiyatingiz buzilgani qoladi. Kayfiyat sizning kerakli resursingiz. Iloji bo‘lsa, ular bilan ijtimoiy tarmoqlardagi aloqalarni to‘xtatish kerak.

Agar sharoit ko‘tarsa, telefoningizda yangiliklar kanallari va saytlarning bildirishnomalarini o‘chirib qo‘ying, dam olish kunlari umuman o‘zingizni yangiliklardan cheklang, axborot-detoks e’lon qiling.

Yaxshilik qiling, odamlarga yordam bering, har qanday xayriya yordami odamga ichki xotirjamlik baxsh etadi, qalbini tinchlantiradi, hayotga mazmun bag‘ishlaydi. Agar muammoga duch kelgan odamlarga — urushdagilar yoki qochqinlarga yordam berishning iloji bo‘lmasa, yaqin atrofingizdagi yordamga muhtoj bo‘lganlarga yordam bering. Ishoning, bunday odamlar juda ko‘p.

Ishlayotganingizda yoki uy ishlarini qilayotganda fonda axborotlarni kuzatib borish yaxshi emas. Hozir nima qilayotgan bo‘lsangiz, shunga ko‘proq diqqatni qarating. Choy ichyapsizmi — choy iching, chalg‘imang.

Odamlarga rahmat ayting va ularga iltifot ko‘rsating. Shunchaki. Yaxshilikka sabab kerak emas. Ishoning, bu nafaqat o‘sha odamning, balki sizning ham kayfiyatingizni yaxshilaydi.

Kundalik hayotingizni tartibga soling, kundalik ishlaringizni iloji boricha, yozma ravishda rejalashtirib oling. Qat’iy rejada ijtimoiy tarmoqlar uchun ma’lum vaqt ajrating, shunda har doim lentaga qarayvermaysiz.

Va oxirgisi — eng muhimi, oila a’zolaringizga, yaqinlaringizga ko‘proq vaqt ajrating. Bu juda muhim.