Turkiyaning Odaş Enerji CA kompaniyasi tomonidan Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida qurilgan quvvati 174 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiya ishga tushirilib, O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, ushbu elektr stansiya yiliga 1,4 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 175 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi, buning natijasida (ushbu 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi bilan) qo‘shimcha ravishda bir yil davomida 350 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Qayd etilishicha, umumiy qiymati 105 million AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilgan.

Qurilish davomida 350 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritgan bo‘lsa, loyiha ishga tushishi natijasida, tumanda 60 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ushbu investitsiya loyihasi prezidentning 2021 yildagi qaroriga [5195-son] asosan davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, bu yil boshidan beri ishga tushirilgan uchinchi elektr stansiyasidir. Yanvar oyida Turkiyaning Aksa Enerji energetika kompaniyasi ikkita: Buxoro viloyatida 270 MVt va Toshkent yaqinida 240 MVt quvvatga ega IESni ishga tushirdi. Bundan tashqari, kompaniya Toshkent viloyatida ikkita obyekt — 240 MVt quvvatga ega kombinatsion IES va 230 MVt quvvatga ega gaz-porshenli IESni qurmoqda. Prezident qaroriga muvofiq barcha loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.

Turkiyaning yana bir kompaniyasi — Cengiz Enerji Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan IES qurilishida ishlamoqda.

Bundan tashqari, aprel oyida Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan — u Fransiyaning Total Eren S.A. kompaniyasi tomonidan qurilmoqda va moliyalashtirilmoqda.

Yil oxirida Sirdaryo viloyatida 220 MVt quvvatga ega yangi IESni ham ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shunday qilib, yil davomida O‘zbekiston energetika tizimida jami 7 ta yangi elektr stansiyasi paydo bo‘ladi.