14−17 mart kunlari respublika bo‘yicha beqaror ob-havo saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet. Ko‘pchilik viloyatlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 14−16 mart kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida 14 martda va 16−17 mart kunlari ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), asosan biroz bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Haftaning birinchi yarmida kunduz kungi harorat +14…+17 daraja iliqdan +8…+11 darajagacha o‘zgarib turadi, chorshanba kuni +16…+21 darajagacha ko‘tariladi.

Juma kuni O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismidan sovuq havo massasi kirib keladi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi ehtimoli bor. Kunduz kuni havo harorati +7…+10 darajagacha pasayadi.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayadi, momaqaldiroq paytida shamol kuchayishi 25−28 m/s gacha yetishi mumkin.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida esa yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida bo‘ladi, 14−16 martda ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yoki qor yog‘ishi mumkin. O‘zgidromet tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi, tog‘larda qor ko‘chishi xavfi borligidan ogohlantirmoqda.