14 mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, raqobat muhitini yaxshilash maqsadida davlat korxonalari transformatsiya qilishni jadallashtirish va davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalariga e’tibor qaratilgan.

Jumladan, 25 ta davlat korxonasida operatsion samaradorlikni oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish kerakligi aytildi.

Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva va transport vaziri Ilhom Mahkamov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shuningdek, transport sohasidagi ishlar holati ham ko‘rib chiqildi. Tranzit yo‘lovchilar oqimini oshirish, charter parvozlarga ruxsat berish tizimini soddalashtirish, mahalliy aeroportlarni mintaqaviy tranzit xabiga aylantirish choralari belgilandi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi erkin raqobat sharoitida ishlash uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy qilishi, aviachiptalar narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Qolaversa, yig‘ilishda iqtisodiyotda joriy yilning birinchi choragi yakunida kutilayotgan natijalar tahlil qilindi.

Ta’kidlanishicha, «hokimlar va tarmoq rahbarlariga iqtisodiy asoslanmagan loyihalarning ilgari surilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi». Mutasaddi idoralarga ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish, investitsiya loyihalarining bozor iqtisodiyoti talabiga javob berishini o‘rganish vazifasi qo‘yildi.

Eksport masalalari muhokama qilinar ekan, tashqi bozordagi bugungi vaziyatdan kelib chiqib, transport va logistika masalalarini hal etish, eksport geografiyasini kengaytirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, viloyat hokimlari oziq-ovqat xavfsizligini va bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.