Prezident Shavkat Mirziyoyev Kasbi «Tez yordam» bo‘limi haydovchisi Yusupov, G‘ozg‘on bo‘limi feldsheri Nabiyev tez tibbiy yordam mashinalari eskirgani haqida murojaat yo‘llaganini aytdi.

Murojaatda bu xizmat sifatiga salbiy ta’sir qilayotgani, joylarda reanimatsiya mashinalari yetishmasligi qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, 200 dan ortiq tez tibbiy yordam stansiyalaridagi 3 mingga yaqin mashinalarning 75 foizi «Damas» avtomobillari bo‘lib, ularning 670 tasi eskirgan yoki ta’mirtalab ahvolda.

«2022−2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha „Damas“ va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Xususan, 2022 yilda 890 ta, 2023 yildan boshlab esa har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimatsiya mashinalari olib beriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Natijada, kelgusi uch yilda tez tibbiy yordam avtoparki to‘liq yangilanadi. Bu maqsadlar uchun 65 million dollar jalb qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning may oyida Tez tibbiy yordamda «Damas» avtomashinasidan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda. Uning o‘rnini B va S klassidagi tibbiy transport vositalari egallaydi. Joriy yilning o‘zida 1000 dona B klassiga mansub zamonaviy mashinalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.