Fuqarolar tomonidan banklarga taqdim etiladigan to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablarga doir normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan edi, deya xabar berdi Markaziy Bank matbuot xizmati.

Ushbu o‘zgartirishlarni 9 aprelga qadar bosqichma-bosqich, undan so‘ng to‘liq tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur o‘zgartirishlar amaliyotga joriy qilingandan keyin barcha to‘lov hujjatlarida to‘lovchi — jismoniy shaxslarning STIRi (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) o‘rniga, to‘lov hujjatining «to‘lovchining identifikatsiya raqami» deb nomlangan rekvizitida ularning JSHSHIRini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) ko‘rsatishi majburiy hisoblanadi.

Shu sababli, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar (shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar) to‘lovni amalga oshirish maqsadida to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirayotganda o‘zlarining JSHSHIRlarini to‘g‘ri va to‘liq kiritishlari kerak.

Shuningdek, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham to‘lov talabnomalari va inkasso topshiriqnomalarini rasmiylashtirishda kontragentlar — jismoniy shaxslarning JSHSHIRlari to‘g‘ri kiritilayotganiga e’tiborli bo‘lishlari lozim.

Ma’lumot uchun, JSHSHIR fuqarolik pasportida ko‘rsatilgan bo‘lib, u pastki qatorda joylashgan va 14 ta raqamdan iborat.


ID karta olgan fuqarolar uchun: ushbu raqam ID kartaning orqa tomonida «Shaxsiy raqam / Personal number» yozuvi ostida ko‘rsatilgan.