Davlat xavfsizlik xizmati Toshkentning bir qator tumanlari hamda vodiy viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aylanmalariga chek qo‘ydi.

Jumladan, Farg‘ona viloyatida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina Toshkent viloyatining «Chinor» yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomobilda 1196 dona «trapikamid», 5544 dona «regapen» va 56 dona «lirika» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtida Toshkent shahrida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. Bundan tashqari, Qirg‘izistondan olib o‘tilgan ushbu dori vositalarini poytaxtga berib yuborgan Namangan viloyatida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan shaxs ham Andijon viloyati hududida ushlanib, uning Nexia rusumli avtomashinasida bo‘lgan 1002 dona «trapikamid» dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Boshqa bir tezkor tadbirda esa poytaxtning Yangihayot tumanida harakatlanayotgan Namangan shahrida yashovchi 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida, uning yukxonasida bo‘lgan 495 dona «tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, ushbu dori vositalarining egasi, Namangan shahrida istiqomat qiluvchi 1992 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Uchtepa tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Cobalt avtomobilidan esa 1680 dona «regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi tegishli tartibda olib qo‘yildi, deyiladi lavhada.

DXX xodimlari Toshkent IIBB va Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlik olib borgan yana bir tezkor tadbirda Namangan viloyatida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Nexia-3 avtomobili poytaxtning Shayhontohur tumani hududida to‘xtatilganida, unda 198 dona «tropikamid» borligini aniqlandi.

Shuningdek, ularni sotib olmoqchi bo‘lgan, Shayhontohur tumanida istiqomat qiluvchi 1965 yilda tug‘ilgan shaxsning yashash xonadonidan ham 50 dona «trapikamid» va 56 dona «regapen» topildi.

Poytaxtning Yunusobod tumanida aniqlangan holatda esa marixuana giyohvandlik moddasi va «mefidron» sintetik moddasi tayyolovchi yashirin laboratoriya faoliyati fosh qilindi. Ushbu narkolaboratoriyani tashkil etgan 1991 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro qo‘lga olindi.

Ular narkotik moddalarni «Telegram»dagi maxsus guruhlar orqali sotish bilan shug‘ullanishgani ma’lum qilindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.