O‘zbekistonda 1 maydan boshlab avtomobilning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchilar xavfsizlik kamarini taqib olishlari shart bo‘ladi. Avvalroq xabar berganimizdek, bu yangilangan Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan.

18 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV vakili Aziz Rahmatullayev yo‘lovchining o‘zi xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimani to‘lashini, chunki qoidabuzar uning o‘zi ekanligini aytdi.

«Agar yo‘lovchi xavfsizlik kamarini taqmasa, u huquqbuzarlik subyekti hisoblanadi. Yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi ko‘zda tutilgan», — dedi u.

Unga ko‘ra, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yarmini yoki 135 000 so‘mni tashkil etadi. Xuddi shunday jazo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismiga muvofiq haydovchiga ham nazarda tutilgan. Ushbu kodeksga yo‘lovchilarning javobgarligi bo‘yicha hali o‘zgartirishlar kiritilmagan.

Fevral oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yo‘l harakati qoidalari eskirgani va xalqaro standartlardan kelib chiqib, jamoatchilik muhokamasida yangilanishi kerakligini aytgan edi. Biroq, hukumat qoidalarni ko‘p muhokama qilmasdan qabul qildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati loyiha jamoatchilik bilan muhokama qilinmagani haqidagi gaplarga qo‘shilmadi. Noyabr oyida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida loyiha e’lon qilingan edi, biroq muhokama deyarli e’tiborsiz o‘tib ketdi — uning ostida atigi 6 ta izoh qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, haydovchi harakat boshlanishida yo‘lovchilarni xavfsizlik kamarini taqishi haqida ogohlantirishi kerak.

Avtomobilni ortga haydayotgan haydovchilar va yo‘nalishli taksi haydovchilari endilikda xavfsizlik kamarini taqishlari shart bo‘ladi.

Avtomobillarda homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemorlarga avvalgidek xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi (faqat bu haqda tibbiy ma’lumotnoma bo‘lishi kerakligi bo‘yicha talab paydo bo‘lgan).

Orqa o‘rindiqlarda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus bolalar o‘rindig‘ida, 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus ushlab turuvchi moslamali xavfsizlik kamarini taqqan holda tashish, transport vositasining orqa o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari tavsiya etiladi.