Prezidentning «Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun banklarga 300 mln dollar ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi.
Bunda:
- kredit liniyasi tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada;
- banklar tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun yillik 14 foiz stavkada, 5 yilgacha muddatga, shu jumladan, 2 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 5 mlrd so‘mgacha miqdorda;
- tadbirkorlarning faoliyat davri 6 oygacha bo‘lganda 1 mlrd so‘mgacha, 6 oydan 1 yilgacha bo‘lganda 2 mlrd so‘mgacha, 1 yildan 2 yilgacha bo‘lganda 3 mlrd so‘mgacha, 2 yildan 3 yilgacha bo‘lganda 4 mlrd so‘mgacha va 3 yildan oshganda 5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratiladi.
Qayd etilishicha, kredit liniyasi mablag‘larining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning ma’muriy markazlaridan va viloyat bo‘ysunuvida bo‘lgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududlardagi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish uchun banklarga 300 mln dollar ajratilishini ma’lum qilgan edi. Bu mablag‘ tadbirkorlar uchun eng yaxshi shartlar taklif qilgan banklarga 7 yil muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada joylashtiriladi. Mazkur yig‘ilishda davlat rahbari ajratilayotgan mablag‘lar xalqning puli ekani, biroq banklar eng katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanayotganini ta’kidladi.
«Ajratiladigan har bir dollar, har bir so‘m — budjetdanmi, bankdanmi — bu hammasi xalqning puli. Infrastruktaraga javob beradigan gaz, suv, svet vahokazo — o‘shalar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Banklar juda katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanyapti. Menda juda katta ma’lumot bor. Shuncha qiynalib topgan pulimizni halollik bilan xalqimizga yetkazib berish bo‘yicha harakat qilyapmiz, lekin yo‘limizda — [noqonuniy] yer berish, yer olish, yer sotish… Bilasizlarmi, menga qanday alam qiladi bu narsalarni eshitish», — dedi prezident Shavkat Mirziyoyev