ISHID raketalari O‘zbekistongacha yetib bormadi — «Tolibon»

«Tolibon» matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy ISHIDning Xuroson bo‘limi jangchilari Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga raketalar uchirishga uringani, biroq snaryadlar o‘zbek chegarasigacha yetib bormaganini tasdiqladi. U Afg‘oniston hech kimga o‘z hududidan qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdid qilishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Shunga qaramasdan, mamlakat muvaffaq hukumati TIV o‘qqa tutish holatini rad etdi. Tarmoqlarda raketa qurilmasi ishlatilishi hamda Afg‘oniston hududidagi O‘zbekiston qiruvchi samolyotlari aks etgan tasvirlar tarqaldi.

«Mahkumlar shikoyati bo‘yicha 7 nafar ichki ishlar xodimiga intizomiy jazo qo‘llanilgan» — Ombudsman

2021 yilda Ombudsman nomiga mahkumlar, ularning yaqin qarindoshlari hamda advokatlari tomonidan 6104 ta murojaat kelib tushgan. Mahkumlarning shikoyatlari asosida 4 ta holatda ichki ishlar xodimlarining 7 nafar xodimiga intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi. 59 nafar mahkumga tayinlangan jazolar yengilroqlariga almashtirildi.

Fransiya taraqqiyot agentligi O‘zbekistonga «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish uchun 150 mln yevro ajratadi

O‘zbekiston Moliya vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida mamlakatning «yashil» iqtisodiyotga o‘tishini osonlashtirishga qaratilgan bitim imzolandi. Birinchi kredit shartnomasi qiymati 150 mln yevroni tashkil qiladi.

Afg‘onistondan narkotik moddalarning kontrabandasi hajmi oshdi — Giyohvand moddalarni nazorat qilish markazi

Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi rahbari Olim Narzullayevning aytishicha, Afg‘onistondan «Shimoliy yo‘nalish» orqali narkotik moddalarni olib o‘tish holatlari ko‘paygan. Bunda ko‘p kuzatilgan narkotik moddalarni olib o‘tishga urinish O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali bajarilgan.

Haydovchilar nima sababdan joyning o‘zida dislokatsiya ko‘chirmasi bilan tanisha olmasligiga izoh berilmadi

Dislokatsiya ko‘chirmasi bilan tanishish murakkablashganiga qaramay, YPX inspektorlari «nazoratsiz qolmaydi», — dedi YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov. Lekin u nima sababdan xaydovchilar dislokatsiya ko‘chirmasi bilan joyida tanishish huquqidan mahrum qilinganiga izoh bermadi.

Mahkumlar ishlagan muddatni ish stajiga qo‘shish taklif etilmoqda

Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tash davrida bajarilgan har qanday ish, agar ushbu ish uchun ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanishi mumkin. Shuningdek, jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga «Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi» berish taklif qilinmoqda. Shuningdek, ozodlikka chiqqan shaxslarni aholining ehtiyojmand toifasiga kiritish rejalashtirilmoqda.

«Avtoturargohlarni kamaytirib, jamoat transportidan foydalanish jozibadorligini oshiramiz» — Transport vazirligi

Poytaxtda avtoturargohlar sonini qisqartirish va jamoat transporti rivojlanishi uchun ko‘proq sharoit yaratish rejalashtirilayapti, deb ma’lum qildi Transport vazirligi vakili Murod Obidov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda avtoturargohlarni kengaytirish uchun yer yo‘q, ularda avtomobillarni ertalabdan kechgacha saqlab turish esa yer resurslaridan foydalanishning eng samarasiz usuli hisoblanadi.

Jizzaxda kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida yuzaga kelgan sel va suv toshqinlarida binolar zarar ko‘rdi, 4 kishi halok bo‘ldi

Jizzaxning Baxmal, G‘allaorol, Forish tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel kelishi va toshqinlar kuzatildi. Maktab va bog‘cha zarar ko‘rdi. Hodisa tufayli 4 kishi halok bo‘ldi. O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulaxatovning aytishicha, ikki soat ichida G‘allaorol meteorologiya stansiyasi yillik yog‘ingarchilikning deyarli 10 foizini qayd etgan.

Bojxonachilar tomonidan yil boshidan beri yarim tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari ushlab qolindi

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bojxona xizmati organlari tomonidan 503,6 kg giyohvandlik vositalari ushlab qolindi. Shuningdek, 1 mln dollarga teng naqd xorijiy valyuta to‘xtatib qolingan, 5,2 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlarining aylanishining oldi olingan.

Soxta aviachipta tayyorlovchilar ushlandi

Buxoro viloyatida fuqarolarga qalbaki aviachiptalarni rasmiylashtirgan korxona rahbari va uning sherigi qo‘lga olindi. Yanvar-fevral oylarida ular soxta chiptalarni Buxoro-Domodedovo reysi bo‘yicha 27 nafar fuqaroga sotishgan.

«Yandeks Taksi» kompaniyasiga IT-park rezidenti bo‘lish taklif qilindi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov «Yandeks taksi» kompaniyasining MDH davlatlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Kirill Svinsov bilan uchrashuv o‘tkazdi va unda kompaniyaga O‘zbekiston IT-parkining rezidenti maqomini olishni taklif qildi.

AQSh O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlariga 50 dona Toyota Hilux va Fortuner pikaplarini topshirdi

AQSh O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlariga qiymati 2,5 mln dollarlik 50 dona Toyota Hilux va Fortuner pikaplarini topshirdi. Avtomashinalar Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida taqdim etildi.

Prezident 21−22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga safar qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21−22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga safar qiladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

AKT vazirligi Microsoft kompaniyasiga O‘zbekistonda ofis ochishni taklif qildi

Microsoft bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha onlayn uchrashuvda AKT vazirligi kompaniyaga O‘zbekistonda ofis ochishni taklif qildi.

Kichik tadbirkorlar uchun yillik 14 foiz stavkada 5 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi

Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirish uchun banklarga 300 mln dollar ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi. Mablag‘larining kamida 70 foizi shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi. Kreditlar yillik 14 foiz stavkada, 5 mlrd so‘mgacha miqdorda ajratiladi.

SSV sher bolasi tishlab olgan bolaning ahvoli haqida ma’lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi sher bolasi tishlab olgan bolaning ahvoli qoniqarli ekani, u poytaxtdagi 2-bolalar poliklinikasida davolanayotganini ma’lum qildi. Bolaning ahvolini travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi mudiri hamda O‘zbekiston bosh rabiologi nazorat qilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Davlat Umarov: Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?

O‘zbekistonda futbolni sevishadi va ko‘pchilik bolaligidan sevimli jamoasini tanlab, unga ishqibozlik qiladi. Jurnalist Davlat Umarov «Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?» loyihasi doirasida 2018 yil Rossiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida volontyor sifatida qatnashgani hamda «Liverpul» futbolchisi Stiven Jerrardning butsasini ilib olishiga bir bahya qolganligi haqida so‘zlab berdi.

«Martgacha yaxshi ishlayotgandi». Yangilangan Soliq mobil ilovasida texnik kamchiliklar kuzatilmoqda

Yangilangan Soliq mobil ilovasida texnik kamchiliklar, jumladan, keshbekni ro‘yxatdan o‘tkazish, tasdiqlash, uni yechib olish va kartani kiritishda muammolar kuzatila boshladi. Buni bir qancha iste’molchilar qayd etishdi, shu jumladan, «Gazeta.uz» ham bu kabi qiyinchiliklar mavjudligini aniqladi. Davlat soliq qo‘mitasi mazkur holatni «foydalanuvchilar sonining oshishi bilan ayrim holatlarda texnik kamchiliklar kuzatilishi mumkin» deya izohladi.