Farg‘ona va Namangan viloyatlarida fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarliklar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, Departamentning Oltiariq tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida fuqaro Sh. G‘. boshqa bir fuqaro Sh. ni qo‘shni Qirg‘izistondagi oliy ta’lim muassasalarining biriga tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish va 1-kursini tugatganligi to‘g‘risida ma’lumot qildirib berish evaziga 1100 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar Yo. T., R. B. va boshqalar fuqaro S. O.ni Jalolobod davlat universitetiga o‘qishga kiritib, keyinchalik Namangan davlat universitetining «Huquqshunoslik» fakultetiga ko‘chirib berish evaziga 1580 dollar va 26 mln so‘mini qo‘lga kiritishgan. Shundan 200 dollarini qaytargani, shuningdek fuqaro X.I.ning o‘qishini qo‘shni Qirg‘izistondan Namangan muhandislik-texnologiya institutiga ko‘chirib berish evaziga 3000 dollarini olib, shundan 200 dollarini qaytargani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, fuqaroni Qozog‘istonda o‘qigani to‘g‘risidagi soxta hujjat bilan SamDU 2-kursiga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida yozgan edik.