O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan Ukrainadan qaytib, respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqarolarning o‘qishini soddalashtirilgan tartibda ko‘chirishga ruxsat berildi, deb xabar bermoqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Shu munosabat bilan 26 apreldan boshlab talabalar o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishlari mumkin.

Shu bilan birga, Oliy ta’lim vazirligi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida Ukraina oliygohlarida o‘tgan yillarda o‘qigan, biroq o‘qishdan haydalgan yoki akademik ta’tilda bo‘lgan fuqarolarning o‘qishini ko‘chirish rad etilishi haqida ogohlantirdi.

Avvalroq OO‘MTV ma’lumotlariga tayangan holda 15 martdan Ukrainadan qaytgan talabalar o‘qishini soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish boshlangani haqida xabar qilgan edik.

Ma’lumot uchun, 4 martga qadar O‘zbekistonga Ukrainadan 200 nafar talaba evakuatsiya qilindi.