Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 29 yoshli Z. ismli shaxs OITS bilan kasallanganini bila turib, bemorlarni davolashda davom etganligi aniqlandi. Mazkur faoliyat turi SSVning tegishli buyruqlari hamda talablariga ko‘ra, OITS bilan kasallangan shaxslar uchun taqiqlangan.

2021 yilning dekabr oyida Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari tomonidan Z. ismli shaxs nazoratga olinib, shifokor tomonidan OITS kasalligi va uni yuqtirish yo‘llari hamda O‘zbekiston OIV to‘g‘risidagi qonuni haqida tushuntirish berilgan. Bila turib, ushbu kasallikni boshqalarga yuqtirish yoki yuqtirish xavfi ostida qoldirsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi uqtirilgan.

Yigitning so‘zlariga ko‘ra, u uchrashib yurgan qizni izlagan, biroq topa olmagan. «U bilan ikki marta ko‘rishganman. Uchrashganimdan ikki oy o‘tib, OITS bilan kasallanganim aniq bo‘ldi», — deydi u.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 113-moddasi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Unga ko‘ra, bila turib, boshqa shaxsni tanosil kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalroq, Buxoro viloyatida OITSga chalinganini bila turib, 4 yil davomida qariyb 40 kishiga kasallikni yuqtirib kelgan ayol aniqlangani hamda sud hukmiga ko‘ra, unga 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani haqida xabar qilingan edi.