9 may kuni kechqurun 21:00 da Toshkent shahrida «Xotira va qadrlash kuni»ga bag‘ishlangan bayram salyuti tashkil etiladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yo‘ldoshev AOKAda o‘tgan brifing davomida aytib o‘tdi.
Oldinroq tadbir Toshkentning Olmazor tumanidagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tishi aytilgan edi. Keyinchalik «Nigoh» Telegram kanali salyut «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida tashkil etilishini ma’lum qildi.
Bayram munosabati bilan Shon-sharaf muzeyida 30 dan ziyod nufuzli tashkilotlar xodimlari, fan arboblari ishtirokida «|| jahon urushida erishilgan g‘alabalarga o‘zbekistonliklarning qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Frontdan kelgan maktublarni jamlagan «Askarlar maktublari» tumanlar kesimida va alifbo shaklida nomlari bitilgan «Vatan fidoyilari» kitoblarining nishona nusxalari tayyorlangani aytildi. Mazkur kitoblar 10 may kunigacha chop etilishi rejalashtirilgan.