Gretsiyaning Iraklion shahrida o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida -102 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik sportchi Sharofiddin Amriddinov g‘alaba qozondi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi dast ko‘tarish mashqida 168 kg natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Siltab ko‘tarish mashqida esa 204 kglik toshni ko‘tarib, oltin medalga ega chiqdi. Har ikki mashq yakunida 372 kg natija qayd etgan Amriddinov natijada chempionlikni tantana qildi.

Musobaqa jadvali quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Sharofiddin Amriddinov (O‘zbekiston) — 372 (168+204) kg;
  2. Petros Petrosyan (Armaniston) — 363 (161+202) kg;
  3. Muhammad Hamada (Falastin) — 361 (168+193) kg.