Andijonda bank xodimi va fermer imtiyozli kreditni talon-toroj qilgani aytilmoqda. Bu «Turonbank» ATB Andijon filialining murojaatiga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.

Bank filiali boshqaruvchisi sobiq o‘rinbosari I.K. va tumandagi «H.» xususiy bog‘dorchilik xo‘jaligi rahbari X.P. zamonaviy energiya tejamkor issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 000 AQSh dollari imtiyozli kreditni issiqxona qurmasdan, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlandi. Tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 20 000 dollari undirildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Chortoq tumanida bank mas’ul xodimlari tadbirkor bilan o‘zaro til biriktirib, quyonchilik va chorvachilik uchun ajratilgan 1,3 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani, Mingbuloq tumanida esa tadbirkor bankning sobiq mansabdor shaxslari bilan birgalikda fuqarolarga tikuvchilik uchun ajratilgan 143,2 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini talon-toroj qilgani haqida yozgan edik.