Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat bilan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun davlat bojini undirish va to‘lashdan ozod qilishdagi ayrim tushunmovchiliklar tartibga solinib, davlat bojini to‘lashdan ozod qilish asoslari belgilanmoqda.
«Ayni paytda notarial harakatlarning asosiy qismi ko‘chmas mulklar, avtotransportlar oldi-sotdisi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ammo davlat bojini to‘lashda ham notariuslarda, ham fuqarolarda turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lyaptiki, bu o‘z o‘rnida qat’iy «stavka"larni belgilash zaruratini keltirib chiqarmoqda», deyiladi xabarda.
Qonun loyihasida uy sotib olishda maydonning qanchaligidan qat’iy nazar bir xil — BHMning 1,5 baravari miqdorida boj undirish taklif qilinyapti. Amaldagi qonunchilikda bu oltita toifaga ajratilgan bo‘lib, olti xil miqdorda davlat boji undirilar edi.
Hozirda avtotransportlar oldi-sotdisida ishlab chiqarilgan yili, ot kuchi, jami 12 ta toifaga ajratilgan holda umumiy narxning 10 barobar (2 700 000)gacha to‘lov qilinyapti. Shu bois, aksariyat odamlar sotib olayotgan mashinasini o‘zining nomiga rasmiylashtirishdan ko‘ra, 3 yillik ishonchnoma imzolashni afzal ko‘rmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida ishlab chiqarilganlik va ot kuchidan qat’iy nazar bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari, ya’ni 810 ming so‘m miqdorda davlat boji undirish belgilanmoqda.
Shuningdek, deputatlar tomonidan «Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi geografik obyektlarga O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning nomini berish jarayonini to‘liq tartibga solib, bu borada har tomonlama o‘rganilgan va asoslangan qaror qabul qilish imkonini beradi. Chunki tuman (shahar) kengashlari geografik obyektlarga shaxsning ism-sharifini berish vakolatiga egaligi ushbu jarayonda zarur bo‘lgan muhim omillar inobatga olinishini to‘laqonli ta’minlash imkonini bermayapti. Bu borada hech qanday cheklovlar nazarda tutilmagani esa amaliyotda geografik obyektlarning nomlarini qayta-qayta o‘zgartirilishiga sabab bo‘lmoqda.
«Amalda geografik obyektlarning nomlariga doir talablarda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan bo‘lsa-da, ammo obyektlarga nom berish tashabbuslarini ilgari surish tartibga solinmagan. Endi bu boradagi tartiblar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi», deyiladi bayonotda.
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflar davlat ekspertizasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilishda har ikkala qonun loyihasi ham fraksiya deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.