2022 yilda Farg‘ona viloyati mahalliy budjetida 1 trln so‘m qoladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni viloyat aholisi bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

«[Farg‘ona viloyati hokimi]Xayrulla Bozorov moliya sohasini yaxshi tushunadi. Men bosh vazir bo‘lgan vaqtlarim bitta viloyatga 100 mln so‘m pul berolmasdik. Kecha hokim mendan 200 mlrd so‘m so‘radi. Beraman dedim. Hozir tadbirkorlarga yordam bermasak bo‘lmaydi», — davlat rahbaridan iqtibos keltirmoqda «Daryo».

Shavkat Mirziyoyev chet elga safar qilsa ham nimadir o‘rganib kelishga harakat qilishini aytdi.

«O‘zim bormasam ham davlat nomidan kimdir borsa unga, albatta, aytaman: «davlat hisobidan boryapsan, borib nimadir o‘rganib kel, deyman. Turist bo‘lmagin, oqsoqol bo‘lib borsang turist bo‘lasan, deyman», — dedi u.

Prezident barcha mansabdor shaxslar davlat xizmatchisi ekanligini ta’kidladi.

«Buni hamma tushunishi kerak. Tushunmagan inson siyosatimizga xiyonat qilgan bo‘ladi. Ayrim amaldorlar tushunmayapti hali ham bu narsani», — qayd etdi davlat rahbari.

Prezident ayrim hokimlar yillar davomida yer sotish bilan shug‘ullanib kelganini aytdi. Unga ko‘ra, yer munosabatlarida hokimlarning vakolati tugatilganiga qaramay, hamon yer uchastkalarini noqonuniy sotish holatlari aniqlanmoqda.

«Endi hokimlarni savdo sohasiga chiqaryapman. Shunda ham bu holatlar bo‘lyapti. Farg‘ona viloyati hokimining imzosigacha o‘xshatib, yer olish bo‘yicha qarorni chiqartirib olgan holat ham bo‘ldi. Xayrulla Bozorov esa „bu yerni men bermaganman“, deyapti. O‘zi shu imzoni o‘xshatishni ham hokimlikda ishlaydigan odam qilgan. Kichkina lavozimda ishlaydi, bir byurokrat o‘zi. Hayron qoladi kishi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yanvar oyida prezident kimoshdi savdolari orqali yer sotishdan 400 mlrd so‘m daromad olinganini tanqid qilgan edi. Davlat rahbari birgina Toshkent viloyatida 14 gektar yer 3,5 mln dollarga sotilmoqchi bo‘lganini aytdi. «Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?», — degandi u.

Shavkat Mirziyoyev Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevdan yer munosabatlari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuqori lavozimdagi mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq bergan edi.