Prezident farmoni bilan pedagog kadrlarni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator dasturlar ilgari surildi. Unga ko‘ra, endilikda chet tilidan milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarning maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama to‘lab beriladi. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega o‘qituvchilar yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha pul oladi.

Bu 11 may kuni imzolangan «2022−2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonda ko‘rsatib o‘tilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 sentabrdan maktablarda umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:

  • xalqaro tan olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
  • xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga -ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
  • Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida (chet tili bo‘yicha sertifikatlar bundan mustasno);

Davlat test markazining milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama:

  • 2025 yil 1 yanvargacha — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
  • 2025 yil 1 yanvardan — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida to‘lanadi.

Har oylik qo‘shimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi.

Umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.

2022 yil 1 dekabrgacha maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda baholash natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2022 yil 1 sentabrdan Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshiriladi.