Toshkent metrosining Olmazor bekatida 58 yoshli erkak harakatlanishga tayyorgarlik ko‘rayotgan poyezd yo‘liga tushib ketdi. Voqea shu kunlarda sodir bo‘lgan, biroq seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda ushbu vaziyat tasvirlangan lavhalar paydo bo‘ldi.
Videoda erkakning eshiklari deyarli yopilgan poyezd tomon yugurayotganini ko‘rish mumkin. U sirpanib, haydovchi kabinasi oldidan tushib ketdi. Metro xodimlari va yo‘lovchilar yordam berish uchun yugurib borib, erkakni platformaga olib chiqishdi.
Metropoliten matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, erkak biror-bir jiddiy jarohat olmagan.
Metro ma’muriyati yo‘lovchilarni «belgilangan qoidalarga amal qilgan holda, shoshilmasdan, o‘z hayotini xavfga qo‘ymagan holda» metroda harakatlanishga chaqirdi.