Al-Aqso masjidi kutubxonasi saqlovidagi Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziy muallifligidagi nodir qo‘lyozmalarning elektron nusxalarii hamda kutubxonadagi qo‘lyozmalar katalogi O‘zbekistonga olib kelindi. AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda bu ishlar «O‘zarxiv» agentligining 4−7 aprel kunlari Isroilga qilgan xizmat safari doirasida amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Isroil davlat arxivi saqlovidagi Buxoro yahudiylari uyushmasiga tegishli hujjatlar to‘plami (1940−1960 y.) hamda O‘zbekistonning ilk mustaqillik bayrami munosabati bilan yuborilgan tabriknoma va tabrik uchun bildirilgan tashakkurnoma xatlar to‘plami (1992 y.) nusxalari ham O‘zbekistonga keltirilgan.
Hujjatlar O‘zbekiston Milliy arxivi tomonidan o‘rnatilgan tartibda davlat saqloviga qabul qilib olingan.
Qolaversa, Vengriya milliy arxivi va «O‘zarxiv» agentligi orasida o‘zaro hujjatlar almashinuvi bo‘lgani ham ma’lum qilindi. Unda o‘zbek va venger tarixiy aloqalariga oid arxiv hujjatlarini aniqlash ishlari tashkil etilgan.
Xususan, Vengriya O‘zbekistonga tarixiy xaritalar to‘plamini taqdim etdi. O‘zbekiston esa Vengriya-O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, vengriyalik sayohatchi Arminiya Vamberiga oid hujjatlarning («Perechen arxivnыx dokumentov ob istoricheskix vzaimootnosheniyax Uzbekistana i Vengrii. Po lichnomu fondu № I-1009 «Nikolay Petrovich Ostroumov». Podlinnыye dokumentы vengerskogo puteshestvennika Arminiya Vamberi (pod imenim Rashid Efendi)) fransuz tilida aniqlangan arxiv hujjatlarini Vengriya milliy arxiviga topshirdi.
Mazkur hujjatlar hamkor tashkilot tomonidan tarjima qilinib, «O‘zarxiv» agentligiga qayta taqdim etilgan.