Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi «2022/2023 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Bunda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilash tartibini joriy etilgani qo‘shimcha qilingan.
Loyihaga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari quyidagicha taklif etilmoqda:
Bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
- kunduzgi ta’lim shakliga —76 728 nafar (2021 yilda — 113 530 / 2020 yilda — 103 575);
- sirtqi ta’lim shakliga — 27 365 nafar (2021 yilda — 37 675 / 2020 yilda — 31 350);
- kechki ta’lim shakliga — 2 575 nafar (2021 yilda — 6 550 / 2020 yilda — 5 025);
- masofaviy ta’lim shakliga- 3 610 nafar;
Magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 11 082 nafar (2021 yilda — 12 900 / 2020 yilda — 10 425);
Xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha — 100 nafar (2021 yilda — 500);
Filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 100 nafar grantlarning buyurtmachisi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi belgilanadi.
O‘qishga qabul bo‘yicha davlat buyurtmasi kamayishi hisobiga — moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan OTMlarning (ularning soni 35 ta) тўлов-kontrakt asosidagi qabul parametrlari oliy ta’lim muassasalari Kuzatuv kengashlari tomonidan mustaqil belgilanishi rejalashtirilmoqda. Aynan shu orqali 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida 2026 yilga qadar oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish ko‘zlanmoqda.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
- abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 15 iyunidan 15 iyuliga qadar (15 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.
- davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida tahsil oluvchi xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt pullari to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
- Bunda, chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish 15 iyunidan 5 iyuliga qadar (5 iyul kuni ham) amalga oshirish;
Bundan tashqari, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini tanlash imkoniyati yaratiladi.