«O‘zbekneftgaz»ga qarashli AYOQSHlarda AI 80 markali benzin narxi 4,3 foizga — 6500 so‘mdan 6800 so‘mgacha ko‘tarildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri. Benzin narxi 2021 yilning dekabridan beri ilk marta oshdi.

Yil boshidan beri birjada ushbu marka benzinning narxi 21,1 foizga — 6,88 mln so‘mdan 8,34 mln so‘mgacha oshgan.

«O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati yilning dastlabki 4 oyligida kompaniya tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarilgan AI-80 rusumidagi avtobenzin birja savdolarida bir tonnasi uchun 3 mln so‘m boshlang‘ich narxlarda qo‘yilib kelingan bo‘lsa, talabgorlar tomonidan har bir tonnasi o‘rtacha 7,8 mln so‘mdan sotib olingan.

May oyida esa boshlang‘ich narx o‘zgarmagan holda tonnasi 8,8 mln so‘mdan sotib olingan. Sotib olish narxi 1 mln so‘mga ko‘p yoki 13 foizga oshgan.

«O‘zbekneftgaz» birjada savdoga chiqarilayotgan avtobenzin iste’molchiga yetkazib berilgunga qadar «soliq, rentabellik, transport xarajatlari va boshqa xarajatlar» borligini ham inobatga olish lozimligini ta’kidladi.

Yanvar-aprel oylarida «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 314,2 ming tonna ishlab chiqarilgan bo‘lib, birja savdolari orqali 305,3 ming tonna sotilgan. Ushbu davrda jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida jami 531,1 ming tonna xom ashyo qayta ishlangan bo‘lib, shundan 103,7 ming tonnasi import xom ashyolar ulushiga to‘g‘ri keladi 2021 yilning shu davriga nisbatan 32,8 ming tonna ko‘p.

«Hozirgi kunda jamiyat tomonidan respublika iste’molchilarini neft mahsulotlarga bo‘lgan talablarini qoplash uchun 30 foizdan kam bo‘lmagan miqdorlarda uglevodorod xom ashyolarini import qilinishi zarur bo‘lmoqda», — deyiladi kompaniya xabarida. Avvalroq, «O‘zbekneftgaz» vakillari «Gazete.uz»ga AI-80 benzini mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarilishini ma’lum qilgandi.

Yil boshidan Yevropa davlatlarida sodir bo‘layotgan geosiyosiy voqealar fonida jahon neft bozorida 1 barrel Brent neftning o‘rtacha narxi 27,5 foizga — 87,2 dollardan may oyi boshida o‘rtacha 111,1 dollargacha o‘sdi.

Qo‘shni davlatlarda avtobenzin narxlari Turkmanistonda — 0,2%, Qozog‘istonda — 13,9%, Qirg‘izistonda — 17,7%, Rossiyada — 63,2% o‘sdi.